Qoraqalpog‘istonda Orol fojiasi haqida hikoya qiluvchi muzey ochiladi
Jamiyat
−
20:40 383 2 daqiqa
AQSHning Vashington shahriga amaliy tashrifdan so‘ng Toshkentga qaytib kelgan Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda turizmni hududning asosiy drayverlaridan biriga aylantirish zarurligi ta’kidlangan.
“Borsa kelmas” tuz koni hududida “Yer ko‘zgusi” brendi ostida turizm-rekreatsion zonasi, Orolbo‘yi va Ustyurt platosida Mars sayyorasi manzarasini eslatuvchi nuqtalarda glemping zonalari tashkil etiladi, Orol dengizi qurishi oqibatlarini butun dunyoga namoyish qilish uchun Orol dengizi tarixi muzeyi ochiladi.
Bu ishlar hisobiga joriy yilda Qoraqalpog‘istonga 500 ming xorijiy va 3 million mahalliy sayyoh jalb etish vazifasi qo‘yilgan. Mashhur turoperatorlarga hududning jozibadorligini oshirish uchun qo‘shimcha imtiyozlar joriy qilinadi.
Intellektual loyihalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangicha tizimni Qoraqalpog‘istondan boshlash belgilandi. Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazida IT universiteti va startaplar uchun texnopark tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, sun’iy intellektni rivojlantirishga 5 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilinib, ma’lumotlarni qayta ishlash, “bulutli” ma’lumotlar va hisoblash markazlari imkoniyatlaridan foydalanish darajasi 10 karra oshirilishi ko‘zda tutilgan. Joriy yilda Qoraqalpog‘istonda 1 million dollarlik 10 ta startap loyihasini boshlash, bu maqsadlarga Ilm-fan va innovatsiyalar jamg‘armasidan har yili 30 milliard so‘mdan ajratib borish topshirilgan.
2027 yil yakunigacha Qo‘ng‘irotda xalqaro standartlarga javob beradigan “quruq port” maqomiga ega Orol logistika markazini tashkil etish vazifasi qo‘yilgan.
Joriy yilda Qoraqalpog‘istondagi infratuzilma loyihalari uchun 150 milliard so‘m, markazlashgan ichimlik suv ta’minotini yaxshilashga 2,2 trillion so‘m yo‘naltirilishi, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari, suv taqsimlash va tozalash inshootlari hamda yo‘l qurilishi loyihalariga 200 million dollar jalb qilinishi belgilangan.
Yig‘ilish yakunida Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda belgilangan marralarga erishish uchun barcha imkoniyat va resurslarni to‘liq ishga solish, har bir tuman va mahallada aniq hisob-kitob hamda manzilli yondashuv asosida ish tashkil etib, aholi turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarning amaliy natijasini tezroq ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘istonda ko‘mirdan oltin ajratib olish fabrikasi qurilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi