Qoraqalpog‘istonda Qizil kitobga kiritilgan ikki bug‘u halok bo‘ldi
3-sahifa
−
19 iyul 2023
5830Quyi Amudaryo biosfera rezervatida O‘zbekiston Respublikasining Qizil Kitobiga kiritilgan ikkita Buxoro bug‘usi halok bo‘ldi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Aytilishicha, joriy yilning 16 iyul kuni soat 06:00 da Qoraqalpog‘iston Respublikasi Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatining Beruniy davlat o‘rmon xo‘jaligi uchastkasidan 2 ta Buxoro bug‘usining jasadi topildi. Ular brakonerlar tomonidan qo‘yilgan tuzoqqa tushgan.
Shundan so‘ng, hayvonlarning nobud bo‘lishiga aloqador shaxslarni aniqlash uchun Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati boshqarmasi inspektorlari voqea joyida pistirma tashkil qildi. Bir necha soat o‘tgach, niqobli ikki noma’lum shaxs pistirmaga yaqinlashgan, ammo inspektorlarni payqab, voqea joyidan qochib ketgan.
Quyi Amudaryo qo‘riqxonasi inspektorlarining Beruniy tumani Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikdagi tezkor harakatlari natijasida, voqeaga aloqador brakonerlar – Beruniy tumani “Biybozor” qishlog‘ida yashovchi 1993 yilda tug‘ilgan Sh.A., 1990 yilda tug‘ilgan R.B. va 1985 yilda tug‘ilgan I.D.lar qo‘lga olindi.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Beruniy tumani IIB tomonidan hayvonlarning nobud bo‘lganligi fakti yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, Buxoro bug‘usi sut emizuvchi hayvonlarning kenja turi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasining Qizil Kitobi va Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining Qizil ro‘yxatiga yo‘q bo‘lib ketayotgan, lokal tarqalgan tur sifatida kiritilgan.
LiveBarchasi