Qoraqalpog‘istonda 24 ta tuman qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtiriladi
Jamiyat
−
30 aprel 2021
4124Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 24 ta tuman qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtiriladi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarda mahalliy sanoatni rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida shu taklifni ma’qulladi.
Ixtisoslashtirish taklif etilayotgan tumanlardagi mavjud xomashyo va yirik zavodlar infratuzilmasidan foydalanib, ularga yaqin joyda yangi korxonalar tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Mazkur 24 ta tumanda infratuzilmani yaxshilash uchun byudjetdan qo‘shimcha 400 milliard so‘m, geologiya ishlarini amalga oshirishga 100 milliard so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.
Qurilish materiallari tarmog‘ida umumiy qiymati 5 milliard dollarlik mingdan ziyod yangi loyihalar shakllantirilgan. Bu orqali 25 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish maqsad qilingan.
“O‘zsanoatqurilishbank” tomonidan ushbu sohadagi loyihalar uchun 300 million dollarlik kredit liniyasi ochish, bank filiallaridagi konsalting markazlari orqali tadbirkorlarga amaliy yordam berish taklifi bildirilgan. Prezident bunga qo‘shimcha, mazkur bank orqali davlat tomonidan 200 million dollar ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Yangi turdagi qurilish va pardozlash mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalariga 15 milliard so‘mgacha kafillik berilishi ta’kidlandi. Shuningdek, bunday korxonalarga milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha Markaziy bank stavkasidan 10 foizgacha ortiq qismi va xorijiy kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining 50 foizi qoplab beriladi.