Qoraqalpog‘iston suverenitetini saqlab qoldi
Jamiyat
−
02 iyul 2022
21282O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat Konstitutsiyasining Qoraqalpog‘istonga tegishli moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini aytdi. Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidan bu masalani tez kunlarda ko‘rib chiqishni so‘radi.
“Qoraqalpog‘iston Respublikasining o‘ziga xos etnik, madaniy xususiyatlari, milliy urf-odat va qadriyatlari, alohida huquqiy maqomini e’tiborga olib, loyihadagi Qoraqalpog‘iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid normalarni o‘zgartirishsiz qoldirish zarur, deb hisoblayman. Ya’ni, Konstitutsiyaning 70, 71, 72, 74, 75 moddalari o‘zgarishsiz qoldiriladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasidan ushbu masalani tez kunlarda ko‘rib chiqishni so‘rayman”, dedi davlat rahbari.
Mirziyoyev hozirgi vaziyatda barcha yurtdoshlarini hamjihatlik va birdamlikka, oqilona ish ko‘rishga, turli g‘arazli chaqiriq va harakatlarga berilmaslikka da’vat etdi.
“Takror aytaman – asrlar davomida o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasida shakllangan azaliy do‘stlik va qardoshlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat, og‘izbirchiligimizni asrab-avaylaylash, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik muhitini saqlash – barchamizning burchimizdir. Konstitutsiyaviy islohotlarimizning bosh maqsadi ham aynan mana shundan iborat”, deya ta’kidladi Prezident.
Eslatib o‘tamiz,1 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirgan edi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.
LiveBarchasi