Uch hududdagi shifoxonalarda mijozlardan ortiqcha pul olingani aniqlandi
3-sahifa
−
10:54 466 2 daqiqa
O‘zbekistondagi ayrim tibbiyot muassasalarida pullik xizmatlar narxini belgilashda qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilib, fuqarolardan yuz millionlab so‘m ortiqcha undirilgani aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand va Sirdaryo viloyatlaridagi tibbiyot muassasalarida pullik xizmatlar narxlarining shakllantirilishi o‘rganilgan.
Qoraqalpog‘istondagi 7 ta tibbiyot muassasasida 2023–2026 yillardagi xizmatlar narxlari tahlil qilingan. Ayrim muassasalarda soliq imtiyozlariga qaramay, foyda solig‘i xizmatlar tannarxiga kiritilgani va ba’zi xizmatlar uchun belgilangan tariflardan yuqori narx qo‘llanilgani aniqlangan. Natijada iste’molchilardan jami 331,7 mln so‘m asossiz daromad olingan.
Ushbu holatlar yuzasidan 6 ta tibbiyot muassasasiga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, ortiqcha olingan mablag‘larni fuqarolarga qaytarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. Ko‘rilgan choralar natijasida ayrim pullik tibbiy xizmatlar tariflari o‘rtacha 16,22 foizga pasaytirilgan.
Samarqand viloyatida esa Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining hududiy filialida qonunchilik talablari buzilgani aniqlangan. Oqibatda iste’molchilarga 302,2 mln so‘m ortiqcha hisoblangan. Filialga qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlarda ham qonunbuzilishlar aniqlangan. Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filialida 2025 yil davomida qariyb 4 790 nafar iste’molchidan 76 mln so‘mdan ortiq asossiz daromad olingan.
Shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo viloyati hududiy filialida bilvosita xarajatlarni qayta taqsimlash koeffitsiyenti belgilangan 38,2 foiz o‘rniga 47,4 foiz miqdorida qo‘llanilgan. Natijada 2024–2025 yillarda iste’molchilardan qariyb 300 mln so‘m ortiqcha mablag‘ undirilgan.
Bildirilishicha, mazkur holatlar yuzasidan filiallarga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, ortiqcha undirilgan mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilgan.
Qo‘mita iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va xizmatlar narxining asossiz oshirilishining oldini olish bo‘yicha ishlar davom ettirilayotganini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda qariyb 10 mlrd so‘mlik davlat xaridlarida raqobatni cheklash bilan bog‘liq qonunbuzilishlar aniqlanib, buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi