Qariyb 10 mlrd so‘mlik davlat xaridlarida qonunbuzilishlar aniqlandi

3-sahifa

−

image

O‘zbekistonda qariyb 10 mlrd so‘mlik davlat xaridlarida raqobatni cheklash bilan bog‘liq qonunbuzilishlar aniqlanib, buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, qonunbuzilishlar qo‘mitaning hududiy organlari tomonidan davlat xaridlari sohasida o‘tkazilgan monitoring va kelib tushgan murojaatlarni o‘rganish natijasida aniqlangan.

Xususan, Andijon viloyatida Oltinko‘l tumani hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasining 300 mln so‘mlik, Farg‘ona viloyatida “Farg‘ona tuman yo‘llardan foydalanish” davlat muassasasining 7 ta, jami 2,5 mlrd so‘mdan ortiq, Jizzax viloyatida Zarbdor tumani 2-sonli zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 2 ta, jami 1,4 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilishlar aniqlangan.

Shuningdek, Namangan viloyatidagi Chust tuman tibbiyot birlashmasining qariyb 1,8 mlrd so‘mlik, Navoiy viloyatidagi Xatirchi davlat o‘rmon xo‘jaligining 7 ta, jami qariyb 1,7 mlrd so‘mlik davlat xaridlarida ham qoidabuzarliklar qayd etilgan.

Bundan tashqari, Samarqand viloyatida “O‘zyo‘lko‘prik klasteri” Samarqand filialining 1,7 mlrd so‘mlik hamda “Ozodlik” davlat muassasasining 410 mln so‘mlik davlat xaridlarida qonun talablari buzilgani aniqlangan.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, eng yaxshi takliflarni tanlash va tender savdolarini o‘rganish jarayonida “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi (Savdolarda raqobatni cheklashga qarshi talablar) talablariga rioya etilmagani aniqlangan. Xususan, savdolarda raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlarga yo‘l qo‘yilgan.

Bildirilishicha, mazkur holatlar yuzasidan qo‘mitaning hududiy boshqarmalari maxsus komissiyalari tomonidan buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan ishlar qo‘zg‘atilgan va tegishli ta’sir choralari qo‘llangan.

Shuningdek, qonunbuzilishlarni bartaraf etish, ayrim holatlarda moliyaviy jarima qo‘llash hamda huquqiy baho berish uchun materiallarni tegishli organlarga yuborish choralari ko‘rilgan. Kelgusida shunday holatlarning oldini olish maqsadida tashkilotlarga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar ham berilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ichki yo‘nalishlar bo‘yicha aviachiptalar narxi joriy yil 16 oktyabrdan boshlab o‘rtacha 20 foizgacha pasaytirilishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing