250 ga yaqin odamning sho‘rini quritgan kiberjinoyatchilar ushlandi (video)

3-sahifa

−

image

Qoraqalpog‘istonda xorijlik kiberjinoyatchilar bilan til biriktirib, qariyb 250 nafar fuqaroning bank kartalaridan 3 mlrd so‘mga yaqin pulni o‘g‘irlagan uch nafar yosh qo‘lga olindi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, Nukus shahrida yashovchi, 2004 yilda tug‘ilgan, avval o‘g‘rilik jinoyati uchun sudlangan M. ismli fuqaroning telefonini tekshirish davomida Telegram messenjeridagi yopiq kanallardan birida xorijlik foydalanuvchilar bilan yozishmalari aniqlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, u 2025 yil 1 avgustdan boshlab Telegram’dagi “Tom” va “Mel” nomli akkaunt egalari bilan hamkorlik qilgan. Ular fuqarolarning bank kartalari ma’lumotlari va SMS tasdiqlash kodlarini qo‘lga kiritish orqali hisoblaridagi pullarni yechib olish bilan shug‘ullangan.

Jinoyat sxemasiga ko‘ra, xorijlik sheriklar fuqarolarga APK formatidagi zararli fayllarni tarqatgan. Ushbu fayllarni yuklab olganlarning bank kartalariga oid ma’lumotlar va hisobidagi mablag‘lar haqidagi axborot jinoyatchilarga borib tushgan. Shundan so‘ng M. olingan ma’lumotlar yordamida operatsiyalarni amalga oshirib, pullarni sheriklari taqdim etgan boshqa bank kartalariga o‘tkazgan.

Uning aytishicha, kartalardan o‘g‘irlangan mablag‘larning 15 foizi USDT kriptovalyutasi ko‘rinishida o‘ziga berilgan. U ayrim kunlari 2-3 mln so‘mgacha daromad topgan. Tergov davomida M. verifikatsiyadan o‘tkazish uchun odam topishda qiynalgach, o‘ziga yana ikki nafar sherik yollagani aniqlangan.

Jumladan, 2004 yilda tug‘ilgan, ilgari sudlanmagan E. ismli fuqaro odamlarni oz miqdordagi pul evaziga verifikatsiyadan o‘tkazib, ularning nomidan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirgan. U o‘z ko‘rsatmasida 2025 yil dekabr oyi boshida tanishi ish taklif qilganini, vazifasi verifikatsiyadan o‘tadigan odamlarni topish va ularga tegishli ma’lumotlarni tizimga kiritishdan iborat bo‘lganini bildirgan. Buning evaziga u o‘tkazilgan mablag‘larning 5 foizini olgan, verifikatsiyadan o‘tgan fuqarolarga esa 50-100 ming so‘mdan bergan.

Guruhning yana bir a’zosi – A. ismli fuqaro esa moddiy manfaat evaziga boshqa shaxslarni mobil to‘lov ilovalarida verifikatsiyadan o‘tkazish, ularning nomiga virtual bank kartalari ochish hamda boshqa moliyaviy xizmatlardan foydalanish uchun zarur ma’lumotlarni tayyorlash bilan shug‘ullangan. Buning uchun u fuqarolarga 100–200 ming so‘m miqdorida haq to‘lagan.

Ma’lum qilinishicha, ayrim ishtirokchilar jinoyat ekanini anglab, bu faoliyatni to‘xtatmoqchi bo‘lganida, ularga bosim o‘tkazilgan. Ulardan birining aytishicha, jinoyatni davom ettirishga majburlash maqsadida uning shaxsiy suratlari va ma’lumotlarini tarqatish, uyiga odam yuborish bilan tahdid qilingan.

Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari yakunlanib, ish hujjatlari jazo tayinlash masalasini ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan.

Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda shu kabi jinoyatlarni sodir etgan yana sakkizta guruh aniqlanib, ularning a’zolari qo‘lga olingan. Hozirda ular yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu guruhlarning yettitasi Qoraqalpog‘istonda yashovchi yoshlardan, bittasi esa boshqa viloyat vakillaridan tashkil topgani aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida 19 yoshli yigit firibgarlik va kiberjinoyatda gumonlanib ushlangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing