Farg‘onada 1 kg “opiy”ni 20 ming dollarga sotayotganlar ushlandi (video)

3-sahifa

−

image

Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanida 1 kilogramm “opiy” giyohvandlik vositasini 20 ming dollarga sotayotgan ikki shaxs ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, IIV Tezkor-qidiruv departamenti, Farg‘ona viloyati IIB, Davlat xavfsizlik xizmati hamda boshqa huquq-tartibot organlari hamkorligida Yozyovon tumanida “Qoradori-2026” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari o‘tkazilgan.

Tadbir davomida 1981 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan shaxs 1998 yilda tug‘ilgan sherigi bilan giyohvandlik vositasini sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Aniqlanishicha, ular 1 kilogramm “opiy”ni 20 ming AQSH dollariga sotmoqchi bo‘lgan. Ushbu giyohvandlik vositasining qora bozordagi qiymati 240 million so‘mga baholangan.

Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatida xizmat iti yuk mashinasiga yashirib qo‘yilgan 52 kilogrammdan ziyod giyohvandlik vositalarini fosh qilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing