Qorachay-Cherkes respublikasida ham hijob kiyish vaqtinchalik taqiqlandi
Olam
−
05 iyul
4290Kecha, 4 iyul kunidan boshlab Rossiya tarkibiga kiruvchi Qorachay-Cherkes respublikasida ham hijob va yuzni to‘sib turuvchi niqob kiyish vaqtinchalik taqiqlandi. Bu haqda respublika muftiyati xabar berdi.
Qorachay-Cherkes respublikasining musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, Shimoliy Kavkaz musulmonlarini muvofiqlashtirish markazi raisi, Rossiya Prezidenti huzuridagi diniy birlashmalar bilan hamkorlik kengashi a’zosi Ismoil Berdiyev tomonidan tasdiqlangan ushbu qarorga Dog‘iston muftiyati mamlakatda niqob kiyishni vaqtincha taqiqlashi ortidan imzo chekildi. O‘shanda Dog‘iston rahbari Sergey Melikov ham niqob kiyishga qarshi chiqib, bu kiyim Kavkaz xalqlariga xos emasligini aytgan.
“Diniy boshqarma aniqlangan tahdidlar bartaraf etilmagunicha va yangi diniy xulosa chiqarilgunga qadar Rossiyadagi zamonaviy sharoitda niqob kiyish taqiqlangan, deb hisoblaydi”, deyilgan Berdiyev imzolagan qarorda.
Niqob kiyishni taqiqlash masalasi joriy yilning 23 iyun kuni Maxachqal’a va Darbandda qurolli odamlar tomonidan otishma boshlanganidan keyin yuzaga kelgan.
Ma’lumot uchun, 2023 yilning 31 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev imzolagan qonun bilan Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, yuzni to‘sib turuvchi kiyimlarni kiyganlik uchun jarima belgilandi.
Qonun bilan jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sib yurgan shaxsga nisbatan BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3 mln 300 ming so‘mdan 4 mln 950 ming so‘mgacha) miqdorda jarima qo‘llanilishi belgilandi. Shuningdek, ushbu holatda tibbiy ruxsatnoma mavjudligi, xodimning ishi ushbu vaziyatni taqozo etishi kabi ba’zi istisnolar ham mavjud.
LiveBarchasi