Qorabog‘dagi mojaroni qachondir tugatishimiz kerak – Putin 30 yil deganda Qorabog‘dagi janjalni to‘xtatish haqida gapirdi
Olam
−
31 Oktabr 2022
6152Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 31 oktyabr kuni Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan yakkama-yakka uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvni ocharkan, Putin, Tog‘li Qorabog‘dagi mojaro ko‘p yillardan buyon davom etayotgani, unga barham berish payti kelganini aytdi.
“Bu mojaro bir necha o‘n yillardan beri davom etib kelmoqda, shuning uchun biz uni qachondir tugatishimiz kerak”, deydi Rossiya davlati rahbari.
Putin Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari ishtirokidagi uch tomonlama sammitda Tog‘li Qorabog‘ masalasini hal qilish yo‘lida qadamlar qo‘yilishiga umid qilmoqda.
“Buning uchun sizda siyosiy iroda borligini bilaman va biz buni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz siz bilan hozir, keyin esa uch tomonlama formatda oldinga siljishimizga imkon beradigan asosiy nuqtalarni topishimiz kerak”, deydi Putin.
Uning ta’kidlashicha, Tog‘li Qorabog‘dagi mojaro kabi jiddiy, uzoq vaqtdan beri davom etayotgan muammoni hal qilish uchun katta kuch sarflash kerak.
“Aslida, biz bu munozarani Ostonada uch marta uchrashganimizdayoq boshlagan edik”, deydi u va bu sa’y-harakatlar hali ham yetarli emasligini ta’kidlab.
Prezident Armaniston tomoni tashabbusi bilan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tganini eslatdi.
“Biz hamkasblarimizning Armaniston-Ozarbayjon chegarasi va Qorabog‘ atrofida sodir bo‘layotgan voqealarga yondashuvlarini ko‘rib turibmiz”, deydi Putin.
Rossiya rahbari qurolli mojaroga barham berish jarayonida qanday kelishuvlarga erishilganini esladi.
“Keyin biz hammamiz eng muhimi tinchlikni ta’minlash va Armaniston iqtisodiyotini rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratishdan kelib chiqdik, chunki transport infratuzilmasini blokdan chiqarish, yangi yo‘nalishlarni yaratish – bu masalalarning barchasi iqtisodiyot va ijtimoiy sohani rivojlantirish bilan bog‘liq. Pirovardida, biz aynan shu maqsadda harakat qilmoqdamiz, bularning barchasi inson manfaatlari uchun rejalashtirilgan”, deydi Putin.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Armaniston qadim zamonlardan hozirgi kungacha Rossiyaning strategik hamkori va ittifoqchisi bo‘lib kelganini alohida ta’kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya uchun bu alohida holat.
“Umid qilamanki, biz kelishuv yo‘lida olg‘a qadam tashlay olamiz”, deya xulosa qildi Putin.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 31 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda Putin, Pashinyan va Aliyev Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston rahbarlarining 2020 yil 9 noyabr, 2021 yil 11 yanvar va 26 noyabrdagi uch tomonlama kelishuvlarini amalga oshirish, Transkavkazda barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash bo‘yicha keyingi qadamlarni ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda.
Qorabog‘ urushi
1990-yillar boshida mintaqa qurolli mojaro bilan qamrab olingandi: Armaniston Ozarbayjonga qarshi agressiv harbiy harakatlarini boshladi, bu bilan Ozarbayjon hududlarini bosib olishga oid azaliy rejalarini amalga oshirishga kirishdi. Mazkur rejaning markaziy qismi Qorabog‘ni Ozarbayjondan bir tomonlama ajratib olish va uni Armaniston tarkibiga qo‘shib olish bo‘lgan. Natijada Armaniston mazkur mintaqani, jumladan, Xo‘jali va Ozarbayjonning boshqa yettita tumanini ishg‘ol etdi. Ushbu agressiyaning oqibati sifatida urush 30 ming insonning boshiga yetdi. Bir millionga yaqin ozarbayjonliklar qochoqqa va majburiy ko‘chmanchiga aylandi, minglab odamlar dom-daraksiz yo‘qoldi.
Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.
44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.
LiveBarchasi