Qorabog‘da yana otishma. Ozarbayjon Rossiya qo‘riqlayotgan hududdan nishonga olinyapti

Olam

image

Bugun, 13 avgust kuni Ozarbayjon Respublikasi Qurolli kuchlarining Armaniston bilan chegaradagi va Qorabog‘dagi pozitsiyalari o‘qqa tutildi. Bu haqda Ozarbayjon Mudofaa vazirligi xabar berdi. 

“So‘nggi 24 soat ichida arman qurolli bo‘linmalari Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini jami sakkiz marta o‘qqa tutdi”, deyiladi xabarda. 

Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, Ozarbayjon-Armaniston davlat chegarasining Basarkechar, Chyambaryak, Tovuzgala va Goris viloyatlari yo‘nalishidagi pozitsiyalaridan Ozarbayjon armiyasining Kalbajar, Gedabek, Tovuz va Lochin viloyatlaridagi pozitsiyalari turli kalibrli o‘qotar qurollardan yetti marta o‘qqa tutilgan.  

Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yana bir hodisa Rossiya tinchlikparvar kuchlari vaqtincha joylashgan Ozarbayjon hududidagi noqonuniy arman qurolli tuzilmalari a’zolari Kelbajar viloyati yo‘nalishida joylashgan Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini o‘qqa tutishi bilan bog‘liq. 

“Ozarbayjon armiyasining shaxsiy tarkibi va texnikasi orasida yo‘qotishlar yo‘q”, deyiladi vazirlik xabarida. 

Mudofaa vazirligi barcha holatlarda Ozarbayjon kuchlari bo‘linmalari “adekvat javob choralarini” ko‘rganini ta’kidladi. Voqea haqida Rossiya tinchlikparvar kontingenti qo‘mondonligi va Rossiya-Turkiya qo‘shma monitoring markaziga ma’lumot berilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 avgust kuni rasmiy Baku Rossiya tinchlikparvar kontingenti vaqtincha joylashgan Ozarbayjon hududidagi noqonuniy arman qurolli tuzilmalari a’zolari Ozarbayjon armiyasining Lochin viloyati yo‘nalishidagi pozitsiyalariga kuchli o‘t ochgani, oqibatda qurbon berilgani, 14 kishi jarohatlangani haqida ma’lumot bergan edi. 

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi “Qasos” amaliyoti o‘tkazilganini ma’lum qildi. Amaliyot boshlanishiga Lochin viloyati yo‘nalishidagi pozitsiyalariga arman qurolli tuzilmalari o‘t ochgani sabab bo‘lgan. Hujum oqibatida bir nafar harbiy qurbon bo‘lgan.

Qorabog‘ urushi

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Qorabog'

Baholaganlar

18

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing