Qorabog‘da mina portladi. Qurbonlar bor
Olam
−
19 Sentabr 2023
5638Bugun, 19 sentyabrga o‘tar kechasi Qorabog‘da noqonuniy qurolli guruhlar a’zolari tomonidan o‘rnatilgan mina bir necha ozarbayjonliklarning hayotiga zomin bo‘ldi. Bu haqda Ozarbayjon Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
“Xo‘javand tumani hududidan o‘tuvchi Ahmadbeyli-Fuzuliy-Shusha yo‘lining 58-kilometrida Armaniston Qurolli kuchlarining qo‘poruvchi-diversiv guruhi tomonidan o‘rnatilgan tankga qarshi mina tomonidan avtomobil yo‘llari davlat agentligi (“Azeravtoyo‘l”) yuk mashinasi portlatib yuborildi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, hodisa oqibatida “Azeravtoyo‘l” agentligining ikki xodimi –Samir Sodixov (1970 yilda tug‘ilgan) va Farhod Guliyev (1965 yilda tug‘ilgan) halok bo‘lgan.
Shundan so‘ng, Ozarbayjon Ichki ishlar vazirligi xodimlari “KamAZ” avtomashinasida voqea joyiga yo‘l olgan. Biroq ular Xo‘javand tumani hududidan o‘tayotganda Tagavard qishlog‘ida yangi qurilgan tunnelda arman diversant guruhi tomonidan o‘rnatilgan mina portlagan. Oqibatda Ichki ishlar vazirligi xodimlari Asim Jamolzoda (1994 yilda tug‘ilgan), Ramil Shirinov (1987 yilda tug‘ilgan), Seymur Mahmudov (1991 yilda tug‘ilgan) va Xazar Zamanov (1998 yilda tug‘ilgan) halok bo‘lgan. Yana besh kishi jarohat olib, shifoxonaga yetkazilgan.
Ozarbayjon Davlat xavfsizlik xizmati Bosh tergov boshqarmasida mazkur holatlar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bundan tashqari, Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Armaniston tomonidan mamlakat hududlarining navbatdagi o‘qqa tutilishi haqida xabar bergan.
“Rossiya tinchlikparvar kontingenti vaqtincha joylashgan Ozarbayjon hududida noqonuniy arman qurolli guruhlari a’zolari Ozarbayjon armiyasining Ag‘dam yo‘nalishidagi pozitsiyalarini o‘qqa tutdi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Aniqlik kiritilishicha, Ozarbayjon armiyasi bo‘linmalari ko‘rsatilgan yo‘nalish bo‘yicha javob choralarini ko‘rgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarbayjon qo‘shinlarini Armaniston bilan chegarada jamlaganini iddao qilgandi. Ozarbayjon tomoni esa buni rad etib, aksincha, Armaniston o‘z qo‘shinlarini Ozarbayjon bilan chegara yaqiniga to‘playotganini da’vo qilgandi. 11 sentyabrda Armaniston AQSH tinchlikparvar kuchlari bilan “Eagle Partner 2023” qo‘shma mashg‘ulotlarini boshladi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Qorabog‘ masalasi bo‘yicha to‘rt tomonlama uchrashuv o‘tkazishni taklif qilgan bo‘lsa, Nikol Pashinyan yil oxirigacha Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolanishi mumkinligi, Yerevan buning uchun barcha zarur choralarni ko‘rayotganini aytdi.
Ma’lumot uchun, Armaniston qariyb 30 yil davomida Qorabog‘ mintaqasini minalarga to‘ldirib tashlagan va 2020 yildagi 44 kunlik urushda mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa-da hamon xalqaro talablarni bajarmay, Ozarbayjon tomoniga minalangan hududlar xaritasini bermay kelmoqda. Ushbu hududlarda esa o‘tgan ikki yil ichida ko‘plab harbiylar va jurnalistlar halok bo‘lgan.
LiveBarchasi