Qora dengizdan 30 mlrd dollarlik gaz koni topildi – Erdo‘g‘an
Olam
−
18 may
7706Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning ma’lum qilishicha, Qora dengizda 75 milliard kub metr hajmdagi tabiiy gaz zaxiralari aniqlangan. Bu haqda u kecha, 17 may kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan chiqishi davomida aytib o‘tgan.
“Gektepe-3 konida 49 kunlik burg‘ilash va sinovlardan so‘ng 75 milliard kub metr gaz zaxirasi aniqlandi. Bu gaz hajmi butun Turkiya bo‘yicha xonadonlarni 3,5 yil davomida gaz bilan ta’minlashga yetadi. Zaxiralarning qiymati 30 milliard dollarga baholanmoqda”, degan davlat rahbari.
U, shuningdek, hozirda Qora dengizdagi gaz konlari orqali yiliga 9,5 milliard kub metr gaz olinayotganini va bu hajm 4 million xonadonga xizmat qilayotganini bildirgan. Rejaga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2028 yilga kelib to‘rt barobarga oshiriladi.
2021 yil iyun oyida ham Erdo‘g‘an Qora dengizda 135 milliard kub metr hajmga ega gaz koni topilganini e’lon qilgan edi. O‘shanda u Turkiya tomonidan Qora dengizda aniqlangan umumiy gaz zaxiralari hajmi 540 milliard kub metrga yetganini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning bir qancha nashrlari Turkiya tomonidan Qora dengizda topilgan gaz zaxiralari 45 yil davomida jahon iste’molini qoplay olishi haqida yozgan edi.
LiveBarchasi