Qonunlar manipulyatorlarga keskin chora ko‘rishi kerak – Alisher Qodirov
Jamiyat
−
11 aprel
6352Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari Alisher Qodirov axborot maydonida haqorat, kamsitish, tahqirlash og‘ir jinoyatga tenglashtirilishi va jiddiy jazolanishi kerakligini aytdi. Bu haqda u o‘zining Telegram sahifasida yozib qoldirdi.
U kimgadir adovat sochish uchun “xalq” so‘zidan qalqon yasab olayotganlar ortib borayotganini yozgan va xalq fikrini ifoda qilish huquqi kimga berilgani Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgani, qolgan hamma o‘z nomidan gapirishi, muhokama, munozara qilishi va oqibatini zimmasiga olishni o‘rganishi kerakligini ta’kidlagan.
“Afsuski, juda yomon tajriba, biznes va boshqaruv tor manfaatlarga erishish uchun shaxsiyat va farosatda majruhlarni internet tarmog‘ida muvofiqlashtirish va yo‘naltirishni o‘rganib oldi. Qonunlar bunday manipulyatorlarni to‘xtatishi, kim bo‘lishidan qat’i nazar keskin chora ko‘rishi kerak”, deya yozadi Qodirov.
Deputat o‘z fikrlarini yozar ekan, axborot loyihalarining oqibatlarini Ukraina inqirozi isbotlab berganiga ishora qilgan.
“Bunday axborot loyihalari vaqti bilan boshqarib bo‘lmaydigan maxluqqa aylanib ketib, birinchi navbatda mualliflari, keyinchalik, minglab yoshu qari, katta-yu kichikni xonavayron qilishi mumkinligini Ukraina inqirozi yaqqol ko‘rsatib bermadimi?” deydi u.
Bundan tashqari, Alisher Qodirov tartib va madaniyat chegaralarini buzadigan beboshlar bilan murosani to‘xtatish kerakligini qayd etgan.
“Internet daromad ko‘rish bilan birga shaxsiy qarashlarni izoh qiladigan maydon ekanligi, albatta, yaxshi, bu so‘nggi davrning eng foydali kashfiyotlaridan biri, buni olqishlaymiz. Lekin erkinlik ekan deb, tartib va madaniyat chegaralarini buzadigan beboshlar bilan murosani to‘xtatish kerak”, deya yozadi fraksiya rahbari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Abdulloh” nomi bilan tanilgan, 2024 yilning oktyabr-noyabr oylarida Koreya Respublikasida bo‘lib turgan vaqtida o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi ommaviy sahifalari orqali millatlararo nizo keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan, milliy qadriyatni tahqirlovchi hamda diniy e’tiqodga ko‘ra fuqarolarni kamsituvchi so‘zlar bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga nisbatan qator haqoratli chiqishlar qilib borgan 26 yoshli bloger Yugay Valeriy qamoqqa olingani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi