Qonunchilikka pedofillarni bichish jazosini kiritish taklif qilindi

Jamiyat

image

“Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov qonunchilikka pedofillarni kimyoviy va jismoniy bichish amaliyotini kiritishni taklif qilib chiqdi. Bu haqda u o‘zining Twitter sahifasida yozmoqda.
Gap shundaki kecha, 27 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi fraksiyasida “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilingan. Qonun loyihasi bugun, 28 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqiladi.

Ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etganlarga jazo choralari haqida fikrlarini bildirgan Bobur Bekmurodov shunday yozadi:

“Qonunchilikka pedofillarni kimyoviy va jismoniy bichish amaliyoti kiritilishi shart. Qancha jazo muddatlarini oshirmaylik, takroran sodir etish xavfi saqlanib qoladi. 20 yoshli erkak pedofillik qilsa, 15 yil o‘tirib chiqqanda 35 kirgan bo‘ladi. Yana shu jinoyatni sodir etadi. Pedofiliya – bu kasallik!” deydi "Yuksalish" raisi.

Biroq uning taklifini Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiyev keskin rad etib, bu taklifning qaltis tomonlari borligini aytgan.

“Hukmda belgilangan jazo muddatni boshidan oxirigacha o‘tasa, yetarli, menimcha! Siz aytayotgan taklifning qaltis tomonlari bor”, deydi deputat.

Bekmurodov o‘z fikrlarini to‘ldirar ekan, jismoniy bichish amaliyoti hammaga qo‘llanmasligini qo‘shimcha qilgan.

“Qonunga kimyoviy va jismoniy bichish chorasining kiritilishi – bu ushbu choraning hammaga qo‘llanilishini anglatmaydi. Ya’ni, aybi aniq dalillar bilan isbotlangan va psixologik tashxis qo‘yilgan ashaddiylariga qo‘llanilishi mumkin”, degan Bekmurodov.

Odiljon Tojiyev “Yuksalish” umummilliy harakati rahbarining “qaltis” taklifiga qarshi chiqishda davom etib, shunday dedi:

“Bunday qo‘shimcha jazo olishini bilgan jinoyatchi, aybini yashirishga ko‘proq harakat qiladi. Oqibatda jabrlanuvchining hayoti xavf ostida qolishi mumkin”.

“Yuksalish” raisi esa o‘z fikrida qat’iy turib, ko‘pchilik hali ham pedofillarni oddiy jinoyatchi sifatida ko‘rayotgani, pedofiliya bu o‘ta og‘ir kasallik ekanini urg‘uladi.

Uning aytishicha, pedofiliya bu o‘ta og‘ir kasallik va buni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham tasdiqlagan. Pedofil qilayotgan ishini ham nazorat qilmaydi va katta ehtimol bilan qayta-qayta jinoyat sodir etaveradi.
Deputat Odiljon Tojiyev esa jinoyatning oddiy sifati bo‘lmasligi, barcha jinoyat ham og‘ir ekanini aytgan va Bekmurodovning pedofiliya kasallik ekani haqidagi fikriga qisman qo‘shilishini bildirdi.

Shuningdek, u “Yuksalish” raisiga "Jinsiy zo‘ravonlik qilgan shaxsga kimyoviy kastratsiya (bichish) qo‘llanilishi bilan nimaga erishiladi?", degan savol bilan yuzlangan.

“Mening nazarimda, mayda bezorilik bu oddiy jinoyat. Pedofiliya – bu kasallik tufayli sodir etiladigan jinoyat. Kimyoviy kastratsiya (bichish) shaxvatni so‘ndirish uchun, jismoniy bichish esa, masalan, retsedivistlarning xavfini batamom yo‘qotish uchun qo‘llaniladi. Bu tibbiy isbotlangan”, deb o‘z fikrlarini tugatgan Bobur Bekmurodov.

Deputat va “Yuksalish” rahbarining tortishuviga qo‘shilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Aloqa va axborot siyosati bo‘limi yetakchi maslahatchisi Hikmatilla Ubaydullayev kimyoviy kastratsiya (bichish) pedofiliya muammosiga samarali yechim emasligini yozadi.

“Kimyoviy kastratsiya (bichish) – pedofiliya muammosiga samarali yechim emas. Ushbu tibbiy aralashuv ruhiy buzilish muammosini hal qilmaydi, balki huquqbuzarning jinoyat sodir etish imkoniyatini ham istisno qilmaydi. Bundan tashqari, bu jinoyatlarning oldini olishni kafolatlamaydigan qimmat va uzoq muddatli choradir”, degan Hikmatilla Ubaydullayev.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 31 yanvar kuni Toshkent shahar Yangihayot tumanida zo‘ravonlik va qotillik alomatlari bilan 12 yoshli qizning murdasi topilgan edi. Gumonlanuvchi 29 yoshli erkak bo‘lib, u marhumaning xonadonida 2022 yilning yoz oylarida yollanma ishchi sifatida ta’mirlash ishlarini amalga oshirgan

“Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasidagi muhim o‘zgarishlar haqida tayyorlangan videoni QALAMPIR.UZ’ning You Tube sahifasida tomosha qiling. Mavzuga befarq bo‘lmang!


Maqola muallifi

Teglar

pedofil zo'ravonlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing