Qonunchilik tashabbuskorlari safi kengaymoqda
Biznes
−
21 aprel 2023
5727Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining 98-moddasida qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ektlari doirasi sezilarli darajada kengaytirilib, uni amalga oshirish mexanizmi ham belgilab berilmoqda. Dastavval qonunchilik tashabbusi tushunchasiga aniqliq kiritsak. Qonunchilik tashabbusi deganda qonun chiqaruvchi organga qonun loyihalarini kiritish huquqi, ya’ni uning tegishli normativ-huquqiy hujjatga o‘zgartirishlar kiritilishi nazarda tutilganiga qarab, qonun loyihasini muhokama qilish va u bo‘yicha muayyan qaror qabul qilish huquqi tushuniladi.
Shu ma’noda qonun ijodkorligi jarayoni hokimiyatning barcha tarmoqlari o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in vazifasini bajaradi. Yangilanayotgan Konstitutsiyada ko‘rsatilayotgan qonunchilik tashabbusi huquqining yettita sub’ektini biz ikki guruhga bo‘lishimiz mumkin: to‘rtta to‘la huquqli sub’ekt (Prezident, Hukumat, davlat hokimiyatining oliy vakillik organi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari,), shuningdek, uchta sub’ekt cheklangan (Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Bosh prokuror) huquqlarga ega. Agar birinchi to‘rtta sub’ekt qonunchilik tashabbusi huquqiga to‘liq hajmda, hech qanday cheklovlarsiz ega bo‘lsa, qolgan uchta sub’ektning qonunchilik tashabbusi huquqiga kelsak, ular uni o‘zlariga yuklangan vazifa va funksiyalar doirasida o‘z vakolatlariga taalluqli masalalar bo‘yicha amalga oshirish huquqiga egadirlar.
Ushbu ro‘yxatga qonunchilik taklifini kiritish huquqiga ega to‘rtta yangi sub’ekt kiritilgani alohida e’tiborga molik. Bularga quyidagilar kiradi: O‘zbekiston Respublikasining saylov huquqiga ega bo‘lgan, yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli. Ular Qonunchilik palatasiga qonunchilik tashabbusi sifatida qonun loyihalarini emas, balki qonunchilik takliflarini kiritish huquqiga ega.
Aksariyat demokratik davlatlarning konstitutsiyalari qonunchilik tashabbusi sub’ektlari doirasini ularni aniq ro‘yxatini belgilaydi, garchi bu ro‘yxat turli mamlakatlarda bir-biridan sezilarli darajada farq qilishi mumkin. Qoida tariqasida, ular odatda hukumat va parlament a’zolarini o‘z ichiga oladi. Yevropa, Osiyo va Lotin Amerikasining ayrim davlatlarida esa oliy (yuqori) sudlar, o‘z yurisdiksiyasi doirasida alohida ijtimoiy manfaatlarni ifodalovchi organlar hisoblanadi. Parlamentar davlatlarda qonunchilik tashabbusining asosiy sub’ekti hukumat hisoblanadi. Federativ davlatlarda bu huquq federatsiya sub’ektlarining qonun chiqaruvchi organlariga berilgan. Prezidentlik va yarim prezidentlik respublikalarida prezident qonunchilik tashabbusi huquqidan keng foydalanadi.
Qator mamlakatlarda (Italiya, Ispaniya, Shveysariya, Avstriya, Braziliya, Vengriya, Polsha, Belarus, Ruminiya va boshqalar) fuqarolarning qonunchilik tashabbusi huquqi, u mavjud bo‘lsa, fuqarolarning qonunchilik tashabbusi umumdavlat darajasida va federatsiya sub’ektlari darajasida (AQSH, Germaniya va boshqalar) ham amalga oshirilishi mumkin.
100 ming kishining roziligi bilan xalqni o‘ylantirayotgan masala yoki jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan muammolarni xalqning o‘zi tashabbusi bilan Oliy Majlisga takliflar kiritish orqali bartaraf etish imkoniyatini yaratadi. Ushbu institut rivojlangan mamlakatlarning ilg‘or tajribasida muvaffaqiyatli qo‘llanilgan va milliy qonunchilikda juda demokratik va ijobiy yangilik hisoblanadi. Xorijiy mamlakatlar tajribasida fuqarolarning qonunchilik tashabbusi huquqi Avstriya, Ispaniya, Italiya, Shveysariya va boshqa bir qator davlatlarning konstitutsiyalarida nazarda tutilgan.
Qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Inson huquqlari bo‘yicha vakil va Markaziy saylov komissiyasi ham amalga oshirishi mumkin, ya’ni ular o‘z navbatida ularning vakolatlari doirasidagi inson huquqlarini ta’minlashi yoxud saylov qonunchiligini takomillashtirish kabi masalalarga taalluqli bo‘ladi.
Fuqarolarning qonunchilik tashabbusi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga qonunchilik takliflarini kiritish huquqini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanishi:
- birinchidan, fuqarolarning davlat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kengaytirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish imkonini beradi, bu esa, o‘z navbatida, xalqning siyosiy faolligini oshirishga olib keladi;
- ikkinchidan, fuqarolarning o‘zlarining konstitutsiyaviy huquqlari bilan bog‘liq turli ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etish, tegishli tashabbus ko‘rsatish va aholi muammolarini o‘z vaqtida hal etishga ham xizmat qiladi.
98-moddadagi qonunchilik tashabbusi sub’ektlarining doirasining kengayishi jamiyatni yanada demokratlashtirish va O‘zbekistonni “xalqchil davlat” qurilishi yo‘lidagi muhim qadamlardan hisoblanadi.
Omon Muhammadjonov,
TDYUU professori
LiveBarchasi