Mirziyoyev o‘zbekistonliklarni tabrikladi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. 

“Konstitutsiyamiz mamlakatimizda milliy mustaqilligimizni mustahkamlash, tinchlik va barqarorlik, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni saqlash, islohotlarimizning ortga qaytmas tus olishini ta’minlashda doimo ishonchli kafolat bo‘lib kelgan va bundan buyon ham shunday bo‘lib qoladi. 

Shu ma’noda, xalqimizning huquqiy tafakkuri, xohish-irodasining yorqin timsoli va amaliy ifodasi bo‘lgan Asosiy Qonunimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi”, degan Mirziyoyev.

Prezident, shuningdek so‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti 2 karra o‘sgani, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad 3 ming dollarga yetgani, kambag‘allik darajasi 23 foizdan 11 foizga tushgani, maktabgacha ta’limda qamrov 74 foizdan, oliy ta’limda esa 39 foizdan oshganini ham aytib, buni “tarixiy natija” deb atadi.

Qolaversa, u yangilangan konstitutsiyada fuqarolarning ekologiya sohasidagi huquqlari konstitutsiyaviy darajada belgilanib, davlatning atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlashga qaratilgan majburiyatlari alohida mustahkamlab qo‘yilganini ham aytib o‘tgan. 

“Siz, aziz yurtdoshlarimni Konstitutsiya kuni bilan yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

Vatanimizning obro‘-e’tibori, shonu shuhrati ziyoda bo‘lsin!

Barcha yutuq va g‘alabalarimizning ijodkori bo‘lgan xalqimiz omon bo‘lsin!” degan Prezident.


Maqola muallifi

Teglar

Mirziyoev Konstitutsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing