Qozog‘istonda AES qurilishi bo‘yicha referendumning dastlabki natijalari e’lon qilindi
Olam
−
07 Oktabr
5206Qozog‘istonda kecha, 6 oktyabr kuni atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha o‘tkazilgan referendumning dastlabki natijalari e’lon qilindi. Unga ko‘ra, ovoz berganlarning 71,12 foizi AES qurilishi tarafdori bo‘lgan. Bu haqda mamlakat Markaziy saylov komissiyasiga tayanib, “Nur.kz” xabar berdi.
Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 5 561 937 kishi (71,12 %) AES qurilishi uchun “ha” deb ovoz bergan. Qarshi bo‘lganlar soni esa 2 045 271 kishini tashkil etgan (28,88 %). Ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan qozog‘istonliklarning 63,66 foizi referendumda ishtirok etgan. 130 ming byulleten haqiqiy emas deb topilgan bo‘lsa, 82 ming byulletenlarda ikkala javob varianti belgilangan.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili mamlakat Energetika vazirligi stansiya Olmaota viloyatining Jambil tumanidagi Ulken qishlog‘ida qurilishi mumkinligini ma’lum qilgan. Biroq, hozircha stansiya uchun texnologiyalar yetkazib beruvchi tanlanmagan. Mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev agar fuqarolar atom elektr stansiyasini qurishni qo‘llab-quvvatlasa, bu ishni xalqaro kompaniyalar konsorsiumi amalga oshirishi zarurligini ta’kidlagan.
“Bu oson masala emas. Hukumat tahlil o‘tkazishi, muzokaralar olib borishi kerak. Ammo mening shaxsiy fikrim shuki, Qozog‘istonda eng ilg‘or texnologiyalarga ega xalqaro kompaniyalar konsorsiumi ishlashi kerak. Qolganini vaqt ko‘rsatadi”, deydi To‘qayev ovoz berish uchastkasida jurnalistlarning savoliga javoban.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha respublika referendumi bo‘lib o‘tayotgani xabar qilingan edi. Ovoz berish 6 oktyabr soat 20:00 gacha davom etgan.
LiveBarchasi