Deputatlar tahlillarsiz joriy qilingan amaliyotdan norozi

Jamiyat

image

Kecha, 29 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida "Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida shifokorlar faoliyatidagi muammolar, kunduzgi statsionarlar faoliyati va ularning tahlili"ga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda bu borada yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, aniqlanayotgan muammolar muhokama markazida bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilganidek, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining aholiga yaqinlashtirilgani, ya’ni qishloq vrachlik punktlari negizida oilaviy poliklinikalarning tashkil etilishi, ularda tor soha mutaxassislari faoliyatinining hamda kunduzgi statsionarlarning tashkillashtirilishi statsionarga bo‘lgan yuklamani kamaytirdi.

Respublikadagi 1 ming 198 ta birlamchi tizim muassasalarida ayollar maslahatxonalari, 200 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda qizlar salomatligi xonalari va perinatal skrining xonalari tashkil etildi va 200 ta yuqori sezuvchi zamonaviy ultratovush apparatlari bilan jihozlandi.

Bundan tashqari, 793 ta qishloq oilaviy poliklinikalariga Osiyo taraqqiyot bankining kredit mablag‘lari hisobidan 9 turdagi tibbiyot asbob-uskunalari bilan jihozlash ishlari boshlab yuborildi.

Shunga qaramasdan, deputatlar tomonidan o‘tkazilayotgan o‘rganishlar va tahlillardan ma’lum bo‘lyaptiki, tibbiy patronajni tashkil qilish bo‘yicha yagona normativ–huquqiy hujjat, shuningdek, tibbiy patronajni amalga oshiruvchi umumiy amaliyot shifokorlari va patronaj hamshiralari ish taqsimotida yagona yondashuv mavjud emas.

Masalan, patronaj hamshirasi qishloq vrachlik punktida 750 nafar aholiga 1 stavka bo‘lsa, qishloq oilaviy poliklinikada 1000 nafariga, shahardagi oilaviy poliklinikada 667 nafariga 1 stavka ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, belgilangan tartibga ko‘ra, umumiy amaliyot shifokori kuniga 6 nafar fuqaroni uyiga borib ko‘rishi belgilangan bo‘lib, bu vaqtda poliklinika yoki QVPga kelgan bemorlarni qabul qilish imkoni bo‘lmaydi. Bundan tashqari, umumiy amaliyot shifokori uchun har kuni 6 nafar bemorni uy sharoitida ko‘rish to‘g‘risidagi talab shifokorning imkoniyatiga mos emas. Ya’ni, hududda bunday bemor bor-yo‘qligi yoki uyiga borishga zarurat bor–yo‘qligi masalasiga e’tibor qaratilmagan.

Ta’kidlanganidek, barcha kasalliklarda ham kecha–kunduz shifoxonada yotib davolanishga ehtiyoj yo‘q. Shuningdek, statsionarda davolanib chiqqanidan keyin muolajalarini davom ettirish zarurati bo‘lganida, ayniqsa, keksa yoshdagi fuqarolar, ehtiyojmand aholi qatlamini qamrab olishda kunduzgi statsionarlar muhim o‘rin egallaydi.

O‘ziga yaqin hududdagi oilaviy yoki qishloq oilaviy poliklinikalaridagi kunduzgi statsionarlar ana shunday toifadagi bemorlar uchun juda qo‘l keladi.

Vaholanki, oilaviy poliklinikaning o‘zida laborator tahlillarni o‘tkazish, tegishli muolajalarni olish imkoni kengaydi.

Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, kunduzgi statsionarlarda muolaja olish, birinchidan, bemorning vaqtini, mablag‘ini tejaydi, ovoragarchilikning oldini oladi. Ikkinchidan, xasta odam kunduzgi shifoxonada doimiy holidan xabar oluvchi shifokori va patronaj hamshirasining nazoratida bo‘ladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari joylarda o‘tkazgan o‘rganishlar jarayonida, afsuski, kunduzgi shifoxonalar imkoniyatidan yetarlicha foydalanilmayotgani aniqlandi. Ayrim oilaviy poliklinikalarda kunduzgi shifoxonalar uchun xonalar yetishmasa, boshqalarida esa, turli sabablar bilan shifo o‘rinlari tashkillashtirilmagan.

Ushbu masala Hukumatning Parlamentdagi hisoboti chog‘ida ham ayrim deputatlar tomonidan o‘rtaga tashlangan edi. Ammo masala hanuzgacha yechilmasdan qolmoqda.

Ya’ni, amaldagi vaqtinchalik shtatlar normativida kunduzgi shifoxonalar uchun 20 ta shifo o‘rni mavjud bo‘lganda 1 shtat vrach va hamshiralar ajratilishi ko‘rsatilgan. Joylardagi sharoitlardan kelib chiqib, 10–12 shifo o‘rinlari tashkil qilingan oilaviy poliklinikalarga 0,5 stavka shifokor va hamshira shtatlari ajratilgan. Vaholanki, bu shifokor yoki hamshira atigi uch soat ishlaydi degani, xolos. Qolgan vaqtda kunduzgi shifoxona ishlamaydimi, degan haqli savolga tayinli javob yo‘q.

Deputatlarning fikriga ko‘ra, joylardagi oilaviy poliklinikalarda 20 ta shifo o‘rnini tashkil qilishga ehtiyoj ham yo‘q, aslida. Imkoniyatdan kelib chiqib tashkil etilgan shifo o‘rinlaridan samarali foydalanilsa, barcha bemorlarga xizmat ko‘rsatish imkoni tug‘iladi.

Parlament a’zolari aslida 20 ta shifo o‘rnidan kelib chiqib shtat ajratish amaliyotini Moliya yoki Sog‘liqni saqlash vazirliklarining byudjet mablag‘larini iqtisod qilish maqsadida, aniq tahlillarsiz joriy qilgan ishi deb hisoblaydi. Sababi, bugungi kundagi voqelik bu aynan joylardagi vaziyatdan kelib chiqilgan aniq yondashuv natijasi emasligini ko‘rsatmoqda.

Tanqidiy tahlil, bahs-munozara ruhida kechgan yig‘ilishda ushbu masalalar Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari, amaliyotchilar hamda ekspertlar ishtirokida chuqur muhokama qilindi.

Shuningdek, yaqinda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Parlament eshituvi davomida Sog‘liqni saqlash vazirining mazkur masalalar yechimi yuzasidan ham Parlament quyi palatasiga ma’lumot taqdim etishi so‘raladigan bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

tez tibbiy yordam Deputatlar norozi

Baholaganlar

11

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing