Toshkentda tez tibbiy yordam shifokori kaltaklandi

3-sahifa

image

Toshkent viloyatida 26 yoshli yigit chaqiruv bo‘yicha kelgan tez tibbiy yordam shifokorini kaltakladi. Bu haqda Toshkent tumani hokimligi xabar berdi.

Bildirilishicha, joriy yilning 1 iyun kuni soat 16:35 da Toshkent tumani Dilkash ko‘chasida yashovchi 1998 yilda tug‘ilgan J.O.dan bosh og‘rig‘i shikoyati bilan murojaat kelib tushgan. Chaqiruv soat 16:39 da eng yaqin “Yangiobod” shahobcha brigadasiga uzatilgan. Shifokor va feldsherdan iborat brigada manzilga soat 16:45 da yetib borgan. Bemor shifokorga bosh og‘rig‘i, bezovtalik, umumiy xolsizlik shikoyatlari borligini va buyrak kasalligi bo‘yicha davolanayotganini aytgan.

Shifokor og‘riqni qoldirish uchun feldsherga og‘riq qoldiruvchi dori vositasini shpritsga tortib taxlashini aytgan. Shu vaqtda shifokor bemorga qo‘shimcha kasalliklari bo‘yicha savollar bergan, bemor esa shifokorga qarab “san kimsan, ishingni tezroq qil” degan va o‘rnidan turib, to‘satdan shifokorning yuziga musht bilan urgan. Shifokorning labi va pastki jag‘ sohasidan qon ketishni boshlagan va biroz vaqtga shifokorda karaxtlik holati kuzatilgan. Holat bo‘yicha hududiy profilaktika inspektoriga xabar berilgan.

Shifokor boshqa brigada bilan TTA-3 Yuz-jag‘ jarrohligi bo‘limiga olib kelingan. Jarohat joyi tikilib, qon oqishi to‘xtatilgan. Shifokor ishini davom ettirish maqsadida ish joyiga qaytgan. Biroz vaqtdan so‘ng, shifokorda bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, umumiy xolsizlik kuzatila boshlagan va zudlik bilan TTA-2 klinikasiga gospitalizatsiya qilingan. TTA-2 Neyroxirurgiya bo‘limiga soat 23:45 da “bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, o‘ng tomon pastki lab sohasida tikilgan jarohati, o‘ng pastki jag‘da yumshoq to‘qimalar lat yeyishi” tashxis bilan yotqizilgan. Hozirgi vaqtda bemor-shifokor bo‘limda tibbiy muolajalarni qabul qilmoqda.

“Shu o‘rinda, shifokor ariza bilan tegishli organlarga murojaat qilgan taqdirda, shifokorni kaltaklagan fuqaroga nisbatan qasddan jarohat yetkazganlik uchun jinoiy ish qo‘zg‘atilishini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Quvasoy shifoxonasida bosh shifokor pichoqlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

shifokor tez tibbiy yordam tibbiy yordam

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing