Qonunchilik palatasi “Davlat siri to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi
Jamiyat
−
22 avgust 2024 3954 2 daqiqa
Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi favqulodda vaziyatlar, jinoyatchilik holati, inson huquqlarining buzilishi va boshqa shu kabi ma’lumotlar maxfiylashtirilmasligini nazarda tutuvchi qonunni qabul qildi. Bu haqda 20 avgust kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlisida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Qonunchilik palatasi 1993 yilda qabul qilingan amaldagi “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi qonun o‘rniga “Davlat siri to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilib, Senatga yuborgan. Hujjat davlat sirlarini saqlash sohasidagi vakolatlarni belgilaydi, maxfiylik darajasini, ma’lumotlarni maxfiylashtirish va davlat sirlaridan foydalanishga ruxsat berish muddatini belgilaydi.
“Davlat ahamiyatiga molik sirga kiritilishi lozim bo‘lgan to‘rtta toifadagi ma’lumotning cheklangan ro‘yxati tasdiqlanmoqda. Maxfiylashtirilmaydigan ma’lumotlar ro‘yxati belgilanadi. Unga ko‘ra, favqulodda vaziyatlar, jinoyatchilik holati, inson huquqlarining buzilishi va boshqa shu kabi ma’lumotlar maxfiylashtirilmaydi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, 1993 yildagi qonunga ko‘ra, hozirda faqat fuqarolarning shaxsiy xavfsizligiga tahdid soladigan ma’lumotlar maxfiylashtirilmasligi belgilangan.
Bugungi kunda davlat sirlari davlat, harbiy va xizmat sirlariga bo‘linadi, xususan:
- Davlat sirlari – oshkor etilishi respublika harbiy-iqtisodiy imkoniyatlarining sifat holatiga salbiy ta’sir etishi yoki O‘zbekistonning mudofaa qobiliyati, davlat xavfsizligi, iqtisodiy va siyosiy manfaatlari uchun boshqa og‘ir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar;
- Harbiy sirlar – oshkor etilishi O‘zbekistonning mudofaa qobiliyati, davlat xavfsizligi va Qurolli kuchlari uchun og‘ir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan harbiy xususiyatga ega ma’lumotlar;
- Xizmat sirlari – oshkor etilishi O‘zbekiston manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan fan, texnika, ishlab chiqarish va boshqaruv sohasiga doir ma’lumotlar.
Live
Barchasi