“Qonli yanvar” voqealarida halok bo‘lganlarning soniga aniqlik kiritildi

Olam

image

Qozog‘istonda yanvar oyida sodir bo‘lgan tartibsizliklar qurbonlari soni 230 dan 232 kishiga yetdi. Bu haqda jurnalistlarga bugun, 29 iyun kuni Qozog‘iston Bosh prokurori o‘rinbosari Aset Chindaliyev ma’lum qildi.

“Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, yanvar voqealarida 232 kishi halok bo‘lgan”, degan Chindaliyev tartibsizliklar paytida halok bo‘lganlar soni haqidagi savolga javob berar ekan.

Avvalroq, Respublika Bosh prokuraturasi ushbu voqealar natijasida 230 kishi halok bo‘lgani, 4,5 mingdan ortiq kishi tan jarohati olgani haqida xabar bergan edi.

Qozog‘iston Bosh prokuraturasi jinoiy ta’qib xizmati rahbari o‘rinbosari Yeldos Qilimjonov 1 iyun kuni yanvar oyidagi tartibsizliklardan so‘ng 331 kishi turli xil jazolarga hukm qilinganini ma’lum qildi. Umuman, respublika bo‘yicha yanvar voqealari bo‘yicha 5065 ta tergovga qadar tekshiruvlar ro‘yxatga olingan. 

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qiynoqlar va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish holatlari bo‘yicha 243 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, Bosh prokuratura “qonli yanvar” fojialaridan so‘ng huquq-tartibot idoralari gumonlanuvchilarga nisbatan ruxsat etilmagan so‘roq usullarini qo‘llashi oqibatida olti kishi vaqtincha saqlash hibsxonalarida halok bo‘lganini ma’lum qilgan edi.

Qozog‘istondagi namoyish

Qozog‘istonda 2022 yilning birinchi kunlarida ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi — mamlakat g‘arbidagi Janaozen va Aqtau shaharlari aholisi suyultirilgan gaz narxining ikki barobar oshishiga qarshi chiqdi. Keyinchalik norozilik namoyishlari boshqa shaharlarga, jumladan, eski poytaxt va Respublikaning eng yirik shahri Olma-otaga ham tarqaldi: u yerda talonchilik boshlandi, namoyishchilar davlat muassasalariga hujum qilishdi, qurol-yarog‘larni olib ketishdi. Bunga javoban rasmiylar 19 yanvarga qadar butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qildi va aksilterror operatsiyasini boshladi.

5 yanvar kuni ertalab Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev hukumatni iste’foga chiqardi va Xavfsizlik kengashiga o‘zini rahbar etib tayinladi. O‘z rahbarligidagi Xavfsizlik kengashining birinchi yig‘ilishida To‘qayev Qozog‘istondagi vaziyatni davlat yaxlitligiga putur yetkazuvchi deb baholadi va “terrorchilik tahdidini yengishda” KXSHTdan yordam so‘raganini aytdi. KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi mamlakatdagi vaziyatni normallashtirish uchun Qozog‘istonga kollektiv tinchlikparvar kuchlarni yuborishga qaror qildi.

7 yanvar kuni To‘qayev terrorchilar, jumladan, xorijdan kelganlar ham qarshilik ko‘rsatishda davom etayotganini aytib, qurolini tashlamaganlarni yo‘q qilishga va’da berdi. Bundan tashqari, Prezident fuqarolarning tinch shaklda bildirilgan barcha talablari tinglanganini ta’kidladi. 

13 yanvar kuni KXSHT missiyasi muvaffaqiyatli yakunlangani e’lon qilindi. 19 yanvar kuni Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Respublikada xorijlik harbiy xizmatchilar qolmaganini ochiqladi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston

Baholaganlar

55

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing