“Qonli yanvar” voqealarida necha kishi halok bo‘lgani ochiqlandi
Olam
−
14 mart 2022
7250Qozog‘istonda yanvar oyi boshida sodir bo‘lgan tartibsizliklar oqibatida 230 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Qozog‘iston Bosh prokurori Berik Asilov parlament Majilisi (quyi palata) yig‘ilishida ma’lum qildi.
“Mamlakatda jami 230 kishi, jumladan, 19 nafar harbiy va xavfsizlik xodimlari halok bo‘lgan. Eng ko‘pi Olma-ota shahrida – 139 kishi”, degan u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 20 kishi tasodifan o‘q ostida qolib halok bo‘lgan.
“Ular orasida o‘q ostida qolganlar, nazorat-o‘tkazish punktlarida harbiylarning talablariga bo‘ysunmaganlar ham bor”, degan u.
Ta’kidlanishicha, 3500 ga yaqin xavfsizlik xodimi yaralangan.
“Siz 18-20 yoshli politsiyachi va askarlarning qattiq kaltaklangani va haqoratlangani aks etgan kadrlarni ko‘rgansiz. Xavfsizlik kuchlari xodimlari orasida 3500 ga yaqin yarador bor”, degan u.
Shuningdek, Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari xodimlari yanvar oyidagi tartibsizliklardan so‘ng 766 kishini hibsga olgan.
“Barcha organlar tomonidan hibsga olinganlarning umumiy soni 766 nafarni tashkil etdi. Ularning aksariyati 30 yoshgacha bo‘lgan, ishsiz, oliy ma’lumotsiz yoshlardir. Ulardan 19 nafari buzg‘unchi diniy oqim tarafdori, 27 nafari taqiqlangan ekstremistik tashkilotlar faollari, 24 nafari uyushgan jinoiy guruhlar a’zosi hamda 113 nafari qotillik, o‘g‘rilik, talonchilikda ayblanib sudlangan”, degan u.
Bosh prokurorga ko‘ra, tartibsizliklardan so‘ng jami 3770 ta jinoiy ish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning yanvar oyi boshida Qozog‘istonda ommaviy tartibsizliklar bo‘lib o‘tdi, ularning ishtirokchilari politsiya va harbiylarga hujum qildi. Mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev davlat to‘ntarishiga urinish haqida e’lon qildi va yordam so‘rab KXSHTga murojaat qildi. 7 yanvarga kelib vaziyat barqarorlashdi, 19 yanvardan butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat bekor qilindi.
LiveBarchasi