6 kishi tergovdagi qiynoqlar oqibatida vafot etdi. Yana bir kishiga qizib turgan dazmol bosilgan
Olam
−
23 fevral 2022
31942Qozog‘istondagi “qonli yanvar” fojialaridan so‘ng huquq-tartibot idoralari gumonlanuvchilarga nisbatan ruxsat etilmagan so‘roq usullarini qo‘llashi oqibatida olti kishi vaqtincha saqlash hibsxonalarida halok bo‘ldi. Bu haqda Qozog‘iston Bosh prokuraturasi maxsus prokurorlar xizmati rahbari Rizabek Ojarov bugun, 22 fevral kuni gazetaga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
"Kecha tom ma’noda biz ruxsat etilmagan so‘roq usullaridan foydalanish faktlari bo‘yicha jinoiy ishlarni qabul qildik. Ilgari ular korrupsiyaga qarshi kurash xizmati tomonidan tekshirilar edi. Bunday holatlarning hammasi ham bizga topshirilmagan, faqat og‘ir oqibatlar, aniqrog‘i, qamoqqa olinganlarning o‘limi qayd etilgan hollardagina bizgacha yetib kelgan. Bizda mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, shunday sharoitda ikki kishi Olmaotadagi, 3 nafari Sharqiy Qozog‘iston viloyatidagi va bir nafari Taldiqo‘rg‘ondagi vaqtinchalik hibsxona sharoitlarida halok bo‘lgan”, deydi Ojarov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hamon tergov izolyatorida saqlanayotgan Taldiqo‘rg‘onlik yana bir fuqaroga nisbatan dazmol qo‘llash bilan bog‘liq rezonansli qiynoqlar bo‘yicha ham prokuratura tergov ishlarini olib bormoqda.
"Ushbu faktlar bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda, natijalari haqida albatta ma’lum qilamiz. Lekin shuni aytishim mumkinki, bunday jinoyatlar ommaviy xususiyatga ega emas", deya tushuntirgan Bosh prokuratura vakili.
Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda yanvar oyidagi ro‘y bergan tartibsizliklar ortidan 3000 dan ortiq jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ularni tergov qilishda huquqni muhofaza qilish tizimining deyarli barcha bo‘linmalari: Ichki ishlar vazirligi, prokuratura, Davlat xavfsizlik qo‘mitasi, Korrupsiyaga qarshi kurash va moliyaviy monitoring organlari ishtirok etmoqda. Og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etish bo‘yicha ishlar maxsus tuzilgan idoralararo tergov-tezkor guruhi zimmasiga yuklanadi.
LiveBarchasi