Qonli reys: FlyDubai samolyotida nimalar bo‘ldi? (video)
Olam
−
21:00 2094 3 daqiqa
Avvalroq, FlyDubai aviakompaniyasining Dubaydan Tel-Avivga uchayotgan samolyoti Saudiya Arabistonida favqulodda qo‘nishni amalga oshirgani haqida xabar berilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, uchuvchilardan biri samolyotni qulatishga uringan. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Qayd etilishicha, parvoz boshlanganidan bir yarim soat o‘tib, samolyot 7700 kodini (umumiy xavf-xatar) uzatdi, keyinchalik u 7500 kodiga (samolyotni olib qochish yoki egallab olish) o‘zgardi. Bir vaqtning o‘zida samolyot yo‘nalishdan og‘ib, keskin pasaya boshladi: u bir daqiqadan kamroq vaqt ichida balandlikning yarmini yo‘qotdi. Isroillik harbiylar terakt sodir bo‘layotgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilib, qiruvchi samolyotlarni havoga ko‘tardi. Biroq yakunda samolyot aloqaga qaytdi va Saudiya Arabistonining Tabuk aeroportiga eson-omon qo‘ndi.
“Reuters”ga isroillik anonim mulozimning ma’lum qilishicha, uchuvchilar o‘rtasida mushtalashuv yuz bergan. “i24News” telekanaliga Miryam ismli yo‘lovchi ayolning so‘zlab berishicha, avvaliga uchuvchilar kabinasidan baqir-chaqir eshitilgan, so‘ng kabina eshigi ochilib ketgan va yo‘lovchilar juda ko‘p qonni ko‘rgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchuvchi pichoq bilan jarohatlangan. Unga yo‘lovchilar orasida bo‘lgan ikki nafar isroillik – shifokor va tibbiyot hamshirasi birinchi yordam ko‘rsatgan. Shuningdek, yo‘lovchilar orasida boshqa uchuvchilar ham bor bo‘lib, ular samolyot boshqaruvini o‘z qo‘llariga olishga va uni Tabukda qo‘ndirishga muvaffaq bo‘lgan.
Uchuvchilardan biri samolyotni halokatga uchratmoqchi bo‘lgani haqidagi versiya tekshirilmoqda. Ikkinchi uchuvchi havo kemasi kapitaniga pichoq bilan bir necha bor zarba bergan. Taxmin qilinishicha, u boshqaruvni egallab olmoqchi bo‘lgan va bortdagi barcha odamlar bilan birga samolyotni qulatmoqchi bo‘lgan. Bu o‘z-o‘zini o‘ldirishga urinishmi yoki teraktmi – hozircha aniq emas.
“Bir nechta yo‘lovchi va ekipaj a’zolari uchuvchilar kabinasiga bostirib kirib, uni to‘xtatib qolgan”, deb xabar berdi isroillik jurnalist Amit Segal.
U FlyDubai reysidan olingan, futbolkasi qonga belangan erkakning fotosuratini e’lon qildi.
Dastlab uchuvchilar Rossiya va Ukraina fuqarolari ekani xabar qilingan. Rossiya propagandasi esa bu ma’lumotdan foydalanishni boshlab yuborgan (“Ikkinchi uchuvchi ukrainalik rossiyalik kapitanga bir necha bor pichoq jarohati yetkazdi”, deb yozdi Vladimir Solovev Telegram-kanalida), ammo bu xabar o‘z tasdig‘ini topmadi. Isroilning “Ynet” va “Walla” nashrlarining oxirgi ma’lumotlariga ko‘ra, kapitan BAA fuqarosi, uni jarohatlagan va samolyotni qulatmoqchi bo‘lgan ikkinchi uchuvchi esa Ummon fuqarosi bo‘lgan. Hozirda u so‘roq qilinmoqda.
Samolyot bortida 174 nafar yo‘lovchi, jumladan 27 nafar bola bo‘lgan. Ularning aksariyati – 150 ga yaqin kishi Isroil fuqarolari. Yo‘lovchilar jarohat olmagan, ammo juda qattiq qo‘rqib ketgan: tarmoqda parvoz paytida olingani aytilayotgan va baqir-chaqirlar eshitilib turgan video paydo bo‘ldi.
“Walla” nashrining yozishicha, parvozni o‘z ish jadvali doirasida ushbu reysda Tel-Avivga uchayotgan FlyDubai’ning boshqa uchuvchilari yakunlab qo‘ygan. Tabukka qo‘nganidan so‘ng FlyDubai yo‘lovchilarni baribir Tel-Avivga yetkazib qo‘yish uchun zaxira bortini yuborgan.
Live
Barchasi