Qodirovning qizi administratsiya rahbariga birinchi o‘rinbosar bo‘ldi

Olam

image

Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning ikkinchi qizi Xadijat Qodirova otasining administratsiyasi rahbariga birinchi o‘rinbosar etib tayinlandi. Bu haqda Ramzan Qodirovning o‘zi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi. 

Uning aytishicha, bunday taklifni Checheniston hukumati administratsiyasi rahbari Galas Taymaxanov bildirgan. U Xadijat o‘zining avvalgi ish joyida va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda ishlashda muvaffaqiyatga erishganini alohida qayd etgan.

Qodirovning qizi o‘zining yangi lavozimida hukumatning ijtimoiy blok bilan o‘zaro aloqalarini nazorat qiladi. Ramzan Qodirov bu taklifni ma’qullab, qiziga muvaffaqiyat tiladi.

Ma’lumot uchun, Xadijat Qodirova 24 yoshda. Bungacha u 3 yil davomida Grozniy meriyasining Maktabgacha ta’lim bo‘limiga rahbarlik qilgan. Bundan oldin Xadijat qiz bolalar bog‘chasining mudirasi bo‘lgan. U “Checheniston Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun” medali va Ahmad Qodirov nomidagi ordeni bilan taqdirlangan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning oktyabr oyida Qodirovning Checheniston madaniyat vaziri bo‘lib ishlagan to‘ng‘ich qizi Oyshat bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi. U 25 yoshda. Oyshat ham Xadijat singari davlat mukofotlariga ega. Qodirovning yana bir qizi Xutmat esa Checheniston rahbari kotibiyati boshlig‘ining o‘rinbosari va respublika sog‘liqni saqlash sektori kuratori sanaladi.

Ramzan Qodirovning to‘ng‘ich o‘g‘li Ahmad noyabr oyida respublika jismoniy tarbiya, sport va yoshlar siyosati vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘ldi.

Qodirovning yana bir o‘g‘li Adam esa "Checheniston Qahramoni" unvoniga sazovor bo‘lgan

OAV Qodirovning jami 14 nafar farzandi borligi, ulardan ikki nafari asrab olinganini yozadi.

Qodirov qarindoshlarining lavozimga tayinlanishini “kimga ishonsam, shuni tayinlayman” degan so‘zlari bilan izohlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Ramzan Qodirov Checheniston Xadichat Qodirova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing