Qodirovning 16 yoshli o‘g‘li Rossiya Mudofaa vazirligi bataloniga rahbar bo‘ldi

Olam

image

Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning o‘g‘li Adam Qodirov Rossiya Mudofaa vazirligi tarkibidagi “Shayx Mansur” bataloniga rahbarlik qiladi. Bu haqda Checheniston parlamenti spikeri Magomed Daudov ma’lum qildi. 

“Adam Qodirovga muhim yo‘nalish ishonib topshirilgan. Bundan buyon u Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi tarkibidagi eng jangovar bo‘linmalardan biri – “Shayx Mansur” bataloniga rahbarlik qiladi”, deb yozgan u Telegram-kanalida.

Daudovning aytishicha, 16 yoshli Qodirovdagi mehnatsevarlik va mas’uliyat unga qo‘yilgan vazifalarni bajarishda yordam beradi.

O‘z navbatida, Checheniston Dumasi deputati Adam Delimxanov kichik Qodirovni batalon shaxsiy tarkibiga tanishtirganini aytgan.

“Bu tayinlanish Adamning xalqimizning diniy, oilaviy va madaniy qadriyatlarini asrab-avaylash yo‘lidagi ulkan xizmatlarining tabiiy natijasi bo‘ldi”, deya uni ulug‘lagan Delimxanov.

Shuningdek, u Adam Qodirovni tug‘ma jangchi deb atagan.

Eslatib o‘tamiz, Adam Qodirov avvalroq 1-darajali “Islom diniga xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangandi.  Shuningdek, o‘tgan oyda Adamga “Checheniston qahramoni” unvoni, shu oyda esa “Kabardin-Balkar Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun” ordeni hamda akalari Ali va Ahmad qatorida Checheniston parlamentidagi rag‘batlantirishning eng yuqori shakli – “Daymexkan Siy” (Vatan sharafi) ordeni bilan mukofotlangandi. Shu oy boshida u otasining xavfsizlik xizmatida “muhim” va “mas’uliyatli” lavozimga tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Adam Qodirov Rossiya Mudofaa vazirligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing