Qodirovning 16 yoshli o‘g‘li Chechenistonning eng oliy ordeni bilan taqdirlandi

Olam

image

Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning 16 yoshli o‘g‘li, otasining xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimini egallab turgan Adam Qodirov respublikaning oliy mukofoti – Qodirov ordeni bilan taqdirlandi. Bu haqda Checheniston milliy siyosat, tashqi aloqalar, matbuot va axborot bo‘yicha vaziri Ahmed Dudayev ma’lum qildi.

"Bu uning yuksak axloqiy fazilatlari va o‘z ishiga fidoyiligining munosib e’tirofidir", deb yozgan vazir. 

U Adam Qodirovni “haqiqiy musulmon va chechen bo‘lib, o‘zining shonli oilasini munosib namoyon etuvchi” vatanparvar deb atagan.

Orden 2004 yilda o‘sha yili teraktda halok bo‘lgan Chechenistonning birinchi rahbari Axmat Qodirov xotirasiga bag‘ishlab ta’sis etilgan. Mukofot “davlatchilikni rivojlantirish, mehnatdagi yutuqlar, tinchlik, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash, Checheniston Respublikasining gullab-yashnashi va shon-shuhratini oshirishga hissa qo‘shishdagi beqiyos xizmatlari uchun” taniqli davlat va jamoat arboblari, fuqarolar va tashkilotlarga topshiriladi.

Orden bilan, shuningdek, Ramzan Qodirov va uning 18 yoshli o‘g‘li, respublika Yoshlar ishlari vaziri Ahmad ham taqdirlangan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyi oxirida Adam Qodirov “Shayx Mansur” bataloniga kurator etib tayinlangan edi. Shu paytgacha u 1-darajali “Islom diniga xizmatlari uchun” ordeni, “Checheniston qahramoni” unvoni, “Kabardin-Balkar Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun” ordeni hamda akalari Ali va Ahmad qatorida Checheniston parlamentidagi rag‘batlantirishning eng yuqori shakli – “Daymexkan Siy” (Vatan sharafi) ordeni bilan mukofotlangandi. Noyabr oyi boshida u otasining xavfsizlik xizmatida “muhim” va “mas’uliyatli” lavozimga tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Ramzan Qodirov Checheniston Adam Qodirov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing