Qodirovning 15 yashar arzandasi “muhim lavozimga” tayinlandi

Olam

image

Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning o‘g‘li Adam otasining xavfsizlik xizmatida “muhim” va “mas’uliyatli” lavozimga tayinlandi. Bu haqda Checheniston milliy siyosat, tashqi aloqalar, matbuot va axborot vaziri Ahmad Dudayev va Rossiya Davlat dumasining Chechenistondan saylangan deputati Adam Delimxonov o‘zlarining Telegram-kanallarida xabar berdi.

“Qadrdon ukam Adam Qodirovni Checheniston Respublikasi rahbarining xavfsizlik xizmatida muhim lavozimga tayinlangani bilan chin qalbimdan tabriklayman”, deb yozadi Dudayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kichik Qodirov o‘zini “vatanning jasur, qo‘rqmas vatanparvari va dinni himoya qilishga tayyor shaxs” sifatida ko‘rsatgan, shuningdek, bir necha bor harbiy amaliyotlar zonasida bo‘lgan.

Delimxonov esa “aziz jiyani”ning bu lavozimga tayinlanishi tabiiy ekanini yozgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘smir (u 15 yoshda) o‘zini or-nomus va qadr-qimmat tushunchalari birinchi o‘rinda turadigan munosib inson sifatida ko‘rsatmoqda.

Ma’lumot uchun, Ramzan Qodirovning o‘zi ham 2003 yilda otasi Ahmad Qodirovning xavfsizlik xizmatiga boshliq bo‘lgan. Katta Qodirov 2004 yil may oyida Grozniydagi terakt paytida vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyida 15 yoshli o‘g‘li Adam Qodirov Qur’onni yoqib yuborgani uchun hibsga olingan 19 yoshli Nikita Juravelni tergov izolyatorida kaltaklagandi. Juravel Rossiyadagi inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) Tatyana Moskalkovaga mazkur holat yuzasidan murojaat yo‘llagan edi. Ammo Grozniy shahar politsiyasi mazkur hodisa yuzasidan jinoiy ish ochishdan bosh tortgan, bunga Qodirovning o‘g‘li 15 yoshda ekanligi va jinoiy javobgarlik yoshiga yetmaganini sabab qilib ko‘rsatgan edi. Oktyabr oyida esa Adamga Checheniston qahramoni unvoni berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Ramzan Qodirov Checheniston Adam Qodirov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing