Qodirov Putindan Ukrainaga keng ko‘lamli hujum boshlashni so‘radi

Olam

image

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Rossiyani Ukraina hududida barcha yo‘nalishlarda keng ko‘lamli operatsiyani boshlashga chaqirdi. Bu haqda u o‘zining Telegram kanalida yozib qoldirgan. 

“Aniq qaror qabul qilish va Ukrainaning barcha hududida keng ko‘lamli operatsiyani boshlash vaqti keldi. Men ham bir necha bor terrorchilarga qarshi taktika va strategiyalarni ishlab chiqqanman, janglarda qatnashganman. O‘ylashimcha, Ukrainaga hujum qilish bo‘yicha juda sust taktika tanlangan. Bu uzoq davom etadi va samarali emas”, deb yozgan Qodirov.

Shuningdek, Qodirov Ukrainadan millatchilarni chiqarib tashlashga chaqarish kerakligini urg‘ulagan. 

“Shahar va qishloqlarni banderovetslar (1940-59 yillarda Stepan Bandera tomonidan  boshqarilgan Ukraina millatchilar tashkiloti), “Azov” hamda boshqa millatchilardan ozod qilishimiz lozim. Harbiylarning harakatini muvofiqlashtirish, kuchlarni to‘g‘ri taqsimlash va hal qiluvchi hujumni amalga oshirish zarur. Boshqa hech narsa kerak emas”, deydi Checheniston rahbari. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, millatchilar hokimiyatni ushlab qolish uchun sakkiz yildan beri o‘z xalqini o‘ldirmoqda.

“Rossiya mazlum xalq himoyasiga chiqdi va buning natijasida bizga qarshi har xil sanksiyalar qabul qilindi. Yevropa, G‘arb Rossiyaga zarar yetkazish uchun aqlga sig‘maydigan barcha ishni qildi. Xo‘sh, nega endi to‘xtashimiz kerak? Boshlagan ishimizni oxiriga yetkazishimiz va ortga qaramay, olg‘a intilishimiz zarur. Nima bo‘lsa bo‘lar. Urushda vayron ham qilinadi, o‘ldiriladi ham. Afsuski, bularsiz jang qilishni iloji yo‘q. Ammo agar Ukraina xalqi va Qurolli kuchlari biz bilan muloqot qilishni istamasa, muzokaralarni chetga surib, natsistlar va shaytonlarga qarshi chora ko‘rish niyatida bo‘lmasa, biz boshlagan ishimizni zudlik bilan yakunlashimiz lozim”, deydi Qodirov. 

Qodirov gaplari so‘ngida, Rossiya Prezidenti Vladimir Putindan Chechenistonda keksalar va bolalarni o‘ldirgan fashistlar hamda terrorchilar bilan jangni tugatishi uchun maxsus kuchlarga ko‘rsatma berishini so‘ragan.

Avvalroq, Checheniston Ukrainaga maxsus harbiy operatsiyada qatnashish uchun 10 ming chechen harbiylarini jo‘natgandi. Oradan ko‘p o‘tmay Ukraina tomoni Qodirovning elita polki yo‘q qilinganini ma’lum qildi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

170

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing