Qobulda ayollar Baydenga qarshi namoyish o‘tkazdi
Olam
−
29 dekabr 2021
8608Bugun, 29 dekabr kuni Qobulda o‘nlab ayollar AQSHning Afg‘onistondagi davlat zaxiralarini muzlatib qo‘yganiga qarshi namoyish o‘tkazdi. Bu haqda Afg‘onistonning “TOLOnews” telekanali xabar bergan.
Ta’kidlanishicha, namoyishchilarning plakatlarida Qo‘shma Shtatlar Prezidenti Jo Baydenga qaratilgan mablag‘larni muzdan chiqarishga chaqiriqlar bo‘lgan.
Ma’lumot o‘rnida, “Tolibon” harakati AQSH bahorda Afg‘onistondan o‘z Qurolli Kuchlarini olib chiqish to‘g‘risidagi qarorini e’lon qilganidan so‘ng Afg‘oniston ustidan nazorat o‘rnatish bo‘yicha keng ko‘lamli operatsiya boshladi. 15 avgust kuni “Tolibon” jangsiz Qobulga kirdi va 7 sentyabrda qonuniyligi hali hech bir davlat tomonidan tan olinmagan muvaqqat hukumat tarkibini e’lon qildi.
“Tolibon” tomonidan olib borilayotgan choralarga qaramay, Afg‘onistondagi iqtisodiy vaziyat o‘ta og‘irligicha qolmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda 22,8 million afg‘on (mamlakatning butun aholisi taxminan 39 million kishi) doimiy ravishda to‘yib ovqatlanmaydi, 8,7 million kishi esa ochlikdan aziyat chekmoqda. Bu, asosan, toliblar Afg‘oniston davlat zaxiralarining atigi 0,1 foizidan (9,4 milliard dollar) foydalanish imkoniyatiga ega ekanligi bilan bog‘liq, chunki ularning katta qismi Qo‘shma Shtatlar tomonidan muzlatilgan.
“Tolibon” rahbariyati bir necha bor Vashingtonga mablag‘larni muzdan chiqarish talabi bilan murojaat qilgan, ammo AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken AQSH va boshqa G‘arb davlatlarining Afg‘onistonga moliyaviy yordam ko‘rsatish va aktivlarni muzdan chiqarish to‘g‘risidagi qarorlari “Tolibon”ning keyingi qadamlari asosida amalga oshirilishini ta’kidlagan.
LiveBarchasi