Qohira sammiti: Misr falastinliklarning Sinayga ko‘chirilishiga qarshilik qildi

Olam

image

Misr falastinliklarni G‘azo sektoridan Sinay yarimorolidagi Arab Respublikasi hududiga ko‘chirish g‘oyasini qat’iyan rad etadi. Bu haqda Misr Prezidenti Abdul Fattoh as-Sisi Qohiradagi tinchlik sammitida aytib o‘tdi. 

"Biz falastinliklarning Sinayga majburan ko‘chirilishini qat’iyan rad etamiz. G‘azo sektori aholisining Misr hududiga ko‘chirilishi Falastin masalasini yo‘q qilish demakdir. Butun bir xalqni boshqa mintaqalarga ko‘chirish Falastin masalasini hal qilish emas. Falastin masalasini bartaraf etish hech qachon Misr hisobiga bo‘lmaydi ", deydi Prezident. 

Shuningdek, as-Sisi xalqaro hamjamiyatni Falastin xalqi huquqlarini himoya qilishga chaqirgan. 

"Biz G‘azo sektoridagi jamoaviy jazo amaliyotiga javoban xalqaro hamjamiyatning sukut saqlayotganini kuzatishdan hayratdamiz. Falastin xalqi va tinch aholi xalqaro himoya bilan ta’minlanishi kerak", degan Misr rahbari.

Uning aytishicha, Misr G‘azo sektoriga gumanitar yordamning xavfsiz, to‘siqsiz va barqaror kelishini ta’minlash tarafdori. U tinchlik jarayonini jonlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi ustida ishlamoqda, bu esa yordam yetkazib berish, sulh va oxir-oqibat mustaqil Falastin davlatining yaratilishiga olib keladi. 

“Misr hech qanday nuqtada Rafah o‘tish joyini yopmagan, biroq Isroilning bombardimon qilishlari uning barqaror ishlashiga to‘sqinlik qildi”, deydi as-Sisi.

Misr yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, Misr tomoni Rafah quruqlik o‘tish joyining barqaror ishlashini ta’minlashga tayyor.

Ma’lumot uchun, bugun, 21 oktyabr kuni Abdulfattoh as-Sisiyning tashabbusi bilan Misrning ma’muriy poytaxti Yangi Qohirada Falastin-Isroil mojarosini hal qilish va G‘azo sektoridagi keskinlikni kamaytirish yo‘llarini muhokama qilishga bag‘ishlangan Qohira tinchlik sammiti ochildi. Anjumanda 34 davlat va uchta xalqaro tashkilot – BMT, Arab davlatlari ligasi va Afrika ittifoqi vakillari ishtirok etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Misr Falastin Isroil tinchlik sammiti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing