Qizlarga tajovuz qilgan psixolog ozodlikka chiqarildi. U maktabga qaytishi mumkin 

Jamiyat

image

3-5 sinf o‘quvchilariga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilgan va 2 yilga ozodlikdan mahrum etilgan maktab psixologi A.H. muddatidan oldin ozodlikka chiqarildi. Bu haqda “Nemolchi.uz” xabar berdi.

Toshkent shahridagi 158-maktabning sobiq psixologi A.H.ning 3-5 sinf qizlariga nisbatan zo‘ravonligi o‘tgan yilning aprel oyida ma’lum bo‘lgandi. 

So‘ngra 2022 yil 19 avgust kuni Mirobod jinoyat ishlari sudi A.H.ni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 129-moddasi 1-qismi bo‘yicha 2 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Shuningdek, uni 2 yil muddatga pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishi taqiqlandi. 

28 oktyabr kuni – hukm chiqarilganidan atigi 3 oy o‘tgach, Ohangaron shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudi A.H.ning 1 yilu 5 oy 28 kunlik qamoq jazosini axloq tuzatish ishlari bilan almashtirgan.

2023 yil 26 may kuni esa Toshkent shahridagi Mirzo Ulug‘bek jinoyat ishlari bo‘yicha sudi psixologni pensiya yoshiga yetgani munosabati bilan 1 yilu 10 kunlik axloq tuzatish ishlaridan ham ozod qildi.

18 iyulga kelib, ayblanuvchi 1 yilu 3 oy 10 kun davomida pedagogik faoliyatni amalga oshirish huquqidan mahrum bo‘ldi. Biroq, A.H. suddan uni shartli ravishda ushbu jazodan ozod qilishni so‘ragan.

4 avgust kuni Mirzo Ulug‘bek sudi jinoyat kodeksining 73-moddasi (eski tahrirda) va Jinoyat-protsessual kodeksining 541-542-moddalari asosida bayonotni asosli va qoniqarli, deb topdi. 

Toshkent ta’lim boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, u hozirda hech qaysi maktabda ishlamayapti.

Ammo yuqoridagi qaror psixologga yana maktabga yoki boshqa ta’lim muassasalariga borib, bevosita bolalar bilan ishlash huquqini beradi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida musiqa o‘qituvchisi 12 yashar qizga ikki yil davomida tegajog‘lik qilib kelgani aniqlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

sud maktab tajovuz psixolog Qizlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing