Qizim senga gapiraman, kelinim sen eshit. Erdo‘g‘an AQSH va Gretsiyaning og‘ziga urdi

Olam

image
Dunyoning eng tarixiy cherkovi yana masjidga aylanishi mumkin north_east

Dunyoning eng tarixiy cherkovi yana masjidga aylanishi mumkin

“Biz dunyoning boshqa o‘lkalarida o‘z vatandoshlariga xizmat qilib kelayotgan ibodatxonalarning ishiga aralashmayapmizmi, demak boshqalarning ham bizning ibodatxonalarimiz ishiga aralashishga haqi yo‘q”. Kecha, 3 iyul kuni Istanbuldagi yangi masjid qurilishiga tamal toshi qo‘ygan Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an xalqqa shunday murojaat qildi. 

Ma’lumki, shu kunlarda Istanbul shahri markazida joylashgan Ayya Sofiya (Avliyo Sofiya) ibodatxona-muzeyini yana masjidga aylantirish bo‘yicha tortishuvlar ketmoqda.

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 2019 yilning mart oyida TRT telekanaliga bergan intervyusida ushbu muzey yana masjidga aylantirilishiga ishora bergan edi. Joriy yilning 29 may kuni Istanbul shahri Fotih Sulton tarafidan fath etilgan kun munosabati bilan Ayya Sofiyada Qur’oni karimning Fath surasi o‘qildi. Shundan so‘ng bahs-munozaralar avjiga chiqdi. 

Bu orada holatga Gretsiya Tashqi ishlar vazirligi munosabat bildirib, Ayya Sofiyada Qur’on oyatlarining o‘qilishini, xristianlarning diniy tuyg‘ulari oyoqosti qilinishi deb baholadi. 

Oradan ko‘p o‘tmay, AQSH Davlat departamenti ham holatga nisbatan munosabatini bildirib, Ayya Sofiyaning ko‘p dinli tarixini saqlab qolishni qo‘llab-quvvatlashini ochiqlagan. Departament Xalqaro diniy erkinlik to‘g‘risidagi hisobotlarni ro‘kach qilgan.

Prezident Erdo‘g‘an kechagi nutqida AQSH va Gretsiyaning iddaolariga qarshi gapirarkan, Turkiyaning ichki ishlariga boshqa mamlakatlarning aralashishga haqi yo‘qligini urg‘uladi. U so‘zida davom etarkan, Turkiya barcha din vakillariga ochiq mamlakat ekanini qayd etdi. 

“Turkiya dini va e’tiqodidan qat’i nazar har bir fuqarosiga ibodat imkonini bergan davlatdir. Bugungi kunda mamlakatimizda jami 435 ta cherkov, sinagog va ibodatxonalar mavjud”, deydi Erdo‘g‘an. 

Davlat rahbari so‘zida davom etib, ibodatxonalar hech qanday homiylik yordamisiz davlat byudjetidan ta’mirlanayotganini alohida ta’kidladi. 

Erdo‘g‘an ishoralari aynan Ayya Sofiya haqida borayotganiga aniqlik kiritarkan, bu ibodatxona-muzeyni masjiga aylantirish haqida qaror berish faqat va faqat Turkiyaning huquqi ekanini aytdi. 

“Bizda minglab tarixiy ziyoratgohlar bor. Ayniqsa, Go‘beklitepa 11 ming yillik tarixga ega va insoniyat tomonidan ibodatga ochilgan birinchi maskan sifatida tanilgan. Bunday bir mamlakatga ibodatxonalar orqali mag‘zava ag‘darishga urinish, haqiqatlardan yuz o‘girishdir. Yurtimizga Ayya Sofiya masalasi qilingan ayblovlar bizning suveren huquqlarimizga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum qilishni anglatadi. Holbuki, biz dunyoning to‘rt burchagida masjidlar va boshqa dinlarga mansub insonlarning ibodatxonalariga hujum qilinayotgan davrda yashayapmiz. Millionlab odamlar faqatgina diniy e’tiqodlari sabab har qanday tazyiqqa, shu jumladan hayotlariga qasd qilishlariga duch kelmoqdalar. Aslida e’tibor qaratish, choralarni ko‘rish kerak bo‘lgan masala ham aynan shu. Biz o‘lkamizda yetakchi diniy guruh bo‘lgan musulmonlarning ham, boshqa dinlarga mansub bo‘lganlarning ham haq-huquqlarini himoya qilishda davom etamiz”, dedi Erdo‘g‘an. 

2 iyul kuni Turkiya Oliy sudi Avliyo Sofiya ibodatxonasining maqomi Prezident farmoni bilan o‘zgartirilishi mumkinligi to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Ta’kidlanishicha, mamlakatning birinchi Prezidenti Mustafo Kamol Otaturkning 1934 yilda qabul qilingan Avliyo Sofiya ibodatxonasining maqomi to‘g‘risidagi farmoyishi qonuniy hisoblanadi, ammo amaldagi davlat rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an uni o‘zgartirish huquqiga ega.

Avliyo Sofiya yana masjidga aylantirilsa, u yerda 15 iyul – Turkiyada davlat to‘ntarishi o‘tkazishga bo‘lgan urinishning to‘rt yilligi munosabati bilan namoz o‘qilishi taxmin qilinyapti. Bu o‘z navbatida yakuniy qaror qabul qilishga o‘z ta’sirini o‘tkazishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Ayya Sofiya

Baholaganlar

492

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing