Dunyoning eng tarixiy cherkovi yana masjidga aylanishi mumkin

Olam

image

Turkiyaning Istanbul shahri markazida joylashgan qadimiy Ayya Sofiya (Avliyo Sofiya) ibodatxonasi masjid o‘laroq foydalanishga topshirilishi mumkin. Ayni masala haqidagi bahs-munozora mamlakatda kun tartibida turibdi. Joriy yilning 2 iyul kuni Davlat kengashi ushbu masala yuzasidan so‘nggi qarorini e’lon qiladi. 

Gretsiya va AQSH qarshi chiqmoqda

Joriy yilning 29 may kuni Istanbul shahri fath etilgani munosabati bilan Ayya Sofiyada Qur’onning fath surasi o‘qilgan. Shundan keyin uning yana masjid sifatida ochilishi diqqat markaziga chiqqan. 

Bu orada holatga Gretsiya Tashqi ishlar vazirligi munosabat bildirib, Ayya Sofiyada Qur’on oyatlarining o‘qilishini, xristianlarning diniy tuyg‘ularini oyoqosti qilinishi deb baholadi. 

Oradan ko‘p o‘tmay, AQSH Davlat departamenti ham holatga nisbatan munosabatini bildirib, Ayya Sofiyaning ko‘p dinli tarixini saqlab qolishni qo‘llab-quvvatlashini ochiqlagan. Departament Xalqaro diniy erkinlik to‘g‘risidagi hisobotlarni ro‘kach qilgan. 

Erdo‘g‘an nima deydi? 

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ikki murojaatga nisbatan javob qaytararkan, “Biz huquqiy davlat sifatida Davlat kengashining bu boradagi qarorini kutyapmiz. Kengash qanday qaror qabul qilishiga qarab, keyingi qadamlarni tashlaymiz”, deydi. 

Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lu esa masalaga quyidagicha munosabat bildirdi:

“Turkiya Respublikasida azon yoki Qur’oni Karim oyatlarining qayerda o‘qilishini boshqalardan so‘rashi kerakmi? Turkiyaga bu masalada aql o‘rgatishi mumkin bo‘lgan eng oxirgi davlat – bu Gretsiya. Ayya Sofiya Turkiya Respublikasining mulki va u fath etilgan”.

Ayya Sofiya tortishuvlari ortida nima bor? 

Ayya Sofiya ibodatxonasi aslida Vizantiya imperatori Konstantin ikkinchi tarafidan 360 yilda bunyod etilgan. U yog‘ochdan qurilgan bo‘lgani uchun 404 yilga kelib yonib ketgan. O‘sha yili ibodatxona birinchi bor ta’mirlangan. Ibodatxonaning hozirgi binosi esa Vizantiya imperatori Yustinyan birinchining buyrug‘iga ko‘ra, 532-537 yillarda barpo etilgan. 

Ibodatxonaning qurilishi 5 yilu 10 oy davom etgan. Unda 10 mingdan ortiq quruvchi mehnat qilgan. Ibodatxona tarixchilar tomonidan o‘sha davrning eng katta binosi sifatida qayd etilgan. 

1204 yilgacha u ko‘plab zilzilalar va yong‘inlarni boshdan kechirgan va ta’mirlangan. O‘sha yili salibchilarning qo‘liga o‘tgan ibodatxona 1261 yilgacha Rim katolik cherkoviga aylantirildi. 1261 yilda vizantiyaliklar Istanbulga egalikni qaytarib olgach, Ayya Sofiyadan yana pravoslav cherkovi sifatida foydalanildi. 

1453 yil 29 mayda Usmonli imperiyasi sultoni Fotih Sulton Mehmet Istanbulni egallab olganda, Ayya Sofiya yaralangan Vizantiya askarlari, ayollar va bolalar uchun boshpana bo‘lgan. 

1453 yil 1 iyunda Istanbulda birinchi juma namozini o‘qigan Fotih Sulton Mehmet, Ayya Sofiya Usmonli hukmronligi ostida masjid bo‘lib xizmat qilishini e’lon qildi. Mehrob va minbar qurildi, qo‘ng‘iroq va xoch olib tashlandi. Devordagi suratlar berkitildi. 

1616 yilga kelib, Ayya Sofiyaning qarshisida Sulton Ahmad masjidi barpo etilgunga qadar ushbu masjid mamlakatdagi eng kattasi sanalar edi. 

1739 yilda Ayya Sofiyaga yondosh madrasa, kutubxona va oshxona binolari qurildi. 1847-1849 yillardagi ta’mirlash ishlari sabab yopilgan Ayya  Sofiya oxirgi bor masjid sifatida 1849 yilda ochildi. 

Masjidning muzeyga aylanishi

1923 yilga kelib Turkiya o‘zini Respublika deb e’lon qildi. 1931 yilga kelib, Ayya Sofiya yopildi. 

1931 yilda Amerika Vizantiya instituti asoschisi, arxeolog Tomas Uittimor Turkiyadan Ayya Sofiyadagi mozayka-suratlarni tiklashni talab qilab qiladi. O‘sha vaqtda Prezident Mustafo Kamol Otaturk mozaykalarni tiklashga oid ruxsati bilan boshlangan ishlar 15 yil davom etdi va 1947 yilda yakunlandi. 

Ish boshlanganidan biroz vaqt o‘tgach, 1934 yil 2 noyabr kuni Vazirlar Kengashi Ayya Sofiyani muzey sifatida ochishga qaror qildi. Shunday qilib Ayya Sofiya 1935 yil 1 fevraldan e’tiboran muzey sifatida ish boshladi. 1996 yilda u dunyo madaniy meroslari ro‘yxatiga kiritildi. 

1997 yildan 2002 yilgacha uning gumbazi va minoralarida ta’mirlash ishlari olib borilgan. Binoning turli qismlarida hamon ta’mirlash va tiklash ishlari davom etmoqda. 

Ayya Sofiya Turkiyaning eng ko‘p odam tashrif buyuruvchi ziyoratgohlaridan biri sanaladi. Uni 2015 yilda 3 million 425 ming, 2017 yilda esa 1 million 892 ming kishi ziyorat qilgan.

Ish boshida Erdo‘g‘an

Aslida Ayya Sofiyani masjid o‘laroq foydalanilishi ustidan bahs-munozaralar doimiy ravishda bo‘lib kelgan. Biroq, munozara 2019 yilda Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning TRT telekanaliga bergan intervyusidan keyin yanada jonlandi. O‘shanda Erdo‘g‘anga “ushbu muzeyga kirishni Turkiya fuqarolari uchun bepul qilish mumkinmi?”, degan savol bilan murojaat qilingan. 

“Albatta, nega mumkin bo‘lmasin. Endi uni muzey sifatida emas, balki Ayya Sofiya masjidi o‘laroq ochish niyatimiz bor. Butun dunyodan kelgan turistlar Sulton Ahmad masjidini qanday ziyorat qilayotgan bo‘lsa, Ayya Sofiyani ham shunday ziyorat qilishlari mumkin, namoz o‘qishlari uchun ham sharoit yaratamiz”, degan edi Erdo‘g‘an. 


Maqola muallifi

Teglar

Istanbul Ayya Sofiya

Baholaganlar

292

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing