O‘zbekiston 5 yildan beri qidirayotgan ayol Turkiyada ushlandi
3-sahifa
−
02 dekabr 2025 9625 2 daqiqa
Odam savdosi bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan ayol Turkiyadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti hamda O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi hamkorligida qidiruv tadbirlari amalga oshirilgan. Samarali hamkorlik natijasida 2021 yildan beri odam savdosi bilan shug‘ullangani uchun qidiruvda bo‘lgan ayol qo‘lga olingan va Turkiyadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan.
Tergov hujjatlariga ko‘ra, ushbu ayol yuqori maosh va’dasi bilan qizlarni aldab Turkiyaga olib borgan, u yerda esa ularning fuqarolik pasportlarini tortib olib, fohishalik bilan shug‘ullanishga majburlagan.
1991 yilda tug‘ilgan ushbu shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruv e’lon qilingan. Olib borilgan tezkor choralar natijasida uning Istanbul shahrida yashirinib yurgani aniqlangan. Mazkur shaxs Turkiya hududida qo‘lga olinib, joriy yilning 18 noyabr kuni belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasiga ekstraditsiya qilingan.
“Ikki davlatning Interpol milliy markaziy byurolari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik va muvofiqlashtirilgan tezkor harakatlar mazkur qo‘shma faoliyatning samarali amalga oshirilishiga xizmat qildi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, joriy yildan O‘zbekistonda odam savdosi uchun belgilangan jazo choralari kuchaytirilgan. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, bunday jinoyat uchun 5 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 10 nafardan ortiq o‘zbekistonlikning mablag‘larini o‘zlashtirib ketganlikda ayblanib qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi Turkiyada qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi