Fojia. Turkiyaga sayohatga borgan 4 kishilik oila zaharlanib vafot etdi

3-sahifa

Germaniyaning Gamburg shahridan sayohat uchun Turkiyaning Istanbuliga kelgan 4 kishi (oila a’zolari) – ota Sarvat Bo‘jek (32 yosh), ona Chig‘dam Bo‘jek (27 yosh), 6 yoshli Muhammad Bo‘jek va 3 yashar Masal Bo‘jek midiya, sho‘rva, kolbasa va tovuq go‘shti yeganidan keyin zaharlanib vafot etdi. Bu haqda mahalliy va xalqaro matbuot bong urmoqda. 

Gap shundaki, oila joriy yilning 9 noyabr kuni Sarvat Bo‘jek turmush o‘rtog‘i Chig‘dam Bo‘jek hamda farzandlari Muhammad va Masal bilan Istanbulga keladi va sayyohlar eng gavjum Fotih tumanidagi “Harbour Suites Old City” mehmonxonasiga joylashadi. 

11 noyabr kuni oila a’zolari ko‘cha taomlari bilan mashhur Ortako‘y mavzesiga borib, midiya, kolbasa, sho‘rva va tovuq go‘shti, kumpir (kartoshka) yeb, keyin mehmonxonaga qaytib, ovqatdan zaharlanish gumoni bilan shifoxonaga yotqizildi. Ular biroz o‘ziga kelgach, shifoxonadan chiqarib yuborilgan, biroq mehmonxonaga qaytgach, yana toblari qochgan. Shundan so‘ng, oila a’zolari yana shifoxonaga yotqizilgan. Ko‘rilgan choralar va muolajalar samara bermay, 12 noyabr kuni bolalar olamdan ko‘z yumgan. Oradan ikki kun o‘tib, 14 noyabr kuni ularning onasi ham vafot etgan. Keyinchalik oila boshi Sarvat Bo‘jek ham vafot etdi.

Picture background

Holat ortidan Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov doirasida to‘rt kishi, jumladan, midiya do‘koni, turk lokumlari do‘koni va oila ovqatlangan restoranning egasi hibsga olindi, restoran muhrlandi. Istanbul shahar politsiyasi esa yaqin atrofdagi pishirilgan kartoshka (kumpir) do‘konlarida tekshiruvlar o‘tkazdi. Mehmonxona xonasi, restoran va ko‘cha taomlari sotuvchilaridan tahlillar olingan va xavfsizlik kamerasi tasvirlari ko‘zdan kechirilgan.

Picture background

Hibsga olinganlar orasida mehmonxonaning ikki xodimi va zararkunandalarga qarshi dezinfeksiya xodimi ham bor. Tergov doirasida qo‘lga olinganlar jami 11 kishini tashkil etmoqda. 

“Tergov doirasida oilaning ovqatlanish joylaridan zarur namunalar olingan va bu joylar uchun mas’ul bo‘lgan to‘rt kishi hibslangan. Voqea joyini tekshirish guruhlari tomonidan olingan namunalar Sud-tibbiyot ekspertizasiga yuborilgan, ikki bola va onaning o‘limi sababini aniqlash uchun tergov ishlari davom etmoqda”, deydi Adliya vaziri Yilmaz Tunch. 

Shuningdek, Bo‘jek oilasi joylashgan mehmonxonada tunab qolgan yana ikki sayyoh ham ko‘ngil aynishi va qusish shikoyati bilan shu shifoxonaga yotqizilgan. O‘sha xonada tunab qolgan va bemorlarga hamrohlik qilayotgan uchinchi shaxs ham yurak urish tezligining pastligi sababli tekshiruvga yotqizilgan.

Politsiya tomonidan olib borilgan tekshiruvdan so‘ng, mehmonxona evakuatsiya qilindi va mehmonlar boshqa mehmonxonalarga yo‘naltirildi. Mehmonxona muhrlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Istanbul Jinoyat Turkiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing