Qizil dengizda Gretsiya kemasi raketa hujumiga uchradi
Olam
−
17 yanvar
4083Kecha, 16 yanvar kuni Qizil dengizda Malta bayrog‘i ostida suzib ketayotgan Gretsiyaning Zografia yuk tashuvchi kemasiga Yamanning Salif portidan 140 km shimoli-g‘arbda raketa bilan hujum qilindi. Bu haqda port xavfsizlik kompaniyasi va Gretsiya kemasozlik vazirligiga tayanib, "Reuters" agentligi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bortida 24 ekipaj a’zosi bo‘lgan kemada yuk bo‘lmagan. Qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.
Yamandagi husiylarning harbiy voizi Yahyo Sariya kemaga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba berilganini ma’lum qilgan. Husiylarning aytishicha, ular Isroilga tegishli yoki Isroil portlariga yo‘l olgan kemalarga hujum qiladi.
Qo‘shma Shtatlar esa kecha, 16 yanvar kuni husiylarga olib ketilayotgan Eronning ilg‘or qurollarini qo‘lga olganini ma’lum qildi. Aytilishicha, yelkanli qayiq bortida topilgan materiallar ballistik va qanotli raketalar uchun komponentlar, jumladan jangovar kallaklar va boshqaruv tizimlarini o‘z ichiga olgan. Havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun ehtiyot qismlar ham qo‘lga olindi. AQSH harbiylarining aytishicha, dastlabki tahlillar husiylar Qizil dengizdagi tijoriy kemalarga hujum qilishda bir xil turdagi qurollardan foydalangan.
“Bu husiylarning savdo kemalariga hujumlari noyabr oyida boshlanganidan beri Eron tomonidan yetkazib berilgan ilg‘or an’anaviy qurollarning (ACW) birinchi marta qo‘lga olinishi”, deyiladi AQSH Markaziy qo‘mondonligi bayonotida.
Eron esa husiylarga homiylik qilayotganini rad etadi.
LiveBarchasi