Qiziqchi Shukurullo Isroilovning mashinasini olib qochgan yigit qamaldi
3-sahifa
−
25 aprel 9740 1 daqiqa
Avvalroq, Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida qiziqchi Shukurullo Isroilovning avtomobili olib qochilgani haqida xabar berilgandi. Ushbu mashinani olib qochgan yigit 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi.
Mazkur ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Sudda aniqlanishicha, olib qochilgan avtomobil Isroilovning farzandiga tegishli bo‘lgan. Qiziqchi mashina olib qochilganini sezishi bilan ichki ishlar organlariga xabar bergan.
Olib qochilgan transport vositasi Uchtepa tumani Zargarlik ko‘chasida to‘xtatilgan. Gumonlanuvchi fuqaro va transport vositasi jinoiy qidiruv xodimlariga topshirilgan. Transport vositasini 1991 yilda tug‘ilgan shaxs ochiq qolganidan foydalanib, olib qochib ketgani aniqlangan.
Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan edi.
Sudda qiziqchining o‘g‘li sudlanuvchiga nisbatan da’vosi yo‘qligini bildirgan. Sud hukmiga ko‘ra, aybdor Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilgan va aynan o‘sha modda bilan u Jinoyat kodeksining 57-moddasini (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llash yo‘li bilan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi avtoturargohda turgan Damasʼni olib qochgan yigitlar 7 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.
Live
Barchasi