Qiynoqqa solish holatini sodir etgan xodim jazolandi
Jamiyat
−
24 iyul
5739Joriy yilning birinchi yarmida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarda ishlovchi 50 nafar xodimga hayfsan berildi, 2 nafar xodim ma’muriy javobgarlikka tortildi, 3 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning hisobotida ma’lum qilindi.
Bildirilishicha, Sirdaryo tumani “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyi, Qo‘qon “Muruvvat” internat uyi, Andijon tumani “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyiga amalga oshirilgan monitoringlar davomida 3 nafar xodimi bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan, 35 nafar xodimiga “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan va 2 nafar xodim ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani 2-son ruhiy asab kasalliklari dispanseri va Farg‘ona viloyat 2-sonli ruhiy kasalliklar shifoxonasining 6 nafar, Qashqadaryo viloyatidagi shahar, tuman vaqtincha saqlash hibsxonalarida faoliyat yurituvchi 9 nafar ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan. Andijon viloyati Psixonevrologiya dispanserining 1 nafar xodimi ishdan bo‘shatilgan.
Ombudsman nomiga 2024 yil 1-yarim yilligida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslarga nisbatan ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilganligi yuzasidan 95 ta shikoyat kelib tushdi. Bu ko‘rsatkich 2023 yilning shu davrida 125 tani tashkil etgan.
Shikoyatlarning 8 tasi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qabul qilingan qarorlar Ombudsman murojaatiga asosan yuqori turuvchi prokurorlar tomonidan bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilishi belgilangan. 35 tasi esa o‘tkazilgan xizmat tekshiruvlari hamda prokuratura organlari tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv yakunlariga ko‘ra o‘z tasdig‘ini topmadi. Ombudsmanning nazorat xatiga ko‘ra, 1 ta holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
52 ta shikoyat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.
LiveBarchasi