Qobuldan Toshkentga samolyot kelib qo‘ndi
Jamiyat
−
14 avgust 2021
57903Bugun, 14 avgust kuni Afg‘oniston poytaxti Qobuldan O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahriga “Kam Air” kompaniyasiga qarashli “Airbus A343” samolyoti uchib keldi. Bu haqda “AviaSpotter” xabar berdi.
“E’tiborli jihati bu aviakompaniyaning Afg‘onistonda harbiy va siyosiy beqarorlik boshlanganidan keyin Toshkentga uchib kelgan eng katta samolyoti hisoblanadi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, diplomatik vakolatxonalar a’zolarini evakuatsiya qilish maqsadida Qobuldan Toshkentga parvozlar soni ko‘paygan.
Qayd etish kerakki, ayni vaqtda O‘zbekistonning janubiy qo‘shnisi hisoblangan Afg‘onistonda beqaror siyosiy vaziyat hukm surmoqda. Bunga “Tolibon” harakati hamda rasmiy hukumat o‘rtasida kechayotgan hokimiyat uchun kurashni sabab qilib ko‘rsatish mumkin.
So‘nggi paytlarda Afg‘onistondagi vaziyat yanada keskinlashdi. “Tolibon” Afg‘onistondagi bir necha strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ob’ektlarni, jumladan mamlakatning ikkinchi eng yirik shahri — Qandahor, G‘azni va Hirotni egallab oldi. OAVda esa mamlakat Prezidenti Ashraf G‘anining Afg‘onistonni tark etishi haqida xabarlar paydo bo‘lmoqda.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi