Qisqa va lo‘nda: Senatning 22-yalpi majlisi ozginayu sozgina bo‘ldi
Jamiyat
−
14 Sentabr 2019
5398Bugun, 14 sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda 59 senator ishtirok etdi.
Majlisni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Farqli jihati shundaki, hafta oxiri va ko‘tarilayotgan masalalar avvaldan muhokamada bo‘lib kelgani uchun Senatning navbatdagi yalpi majlisi qisqa va lo‘nda bo‘ldi.
Senatorlar ishni “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan Bitimini (Naxichevan, 2009 yil 3 oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qilishdan boshladilar.
Ma’lumot uchun, hozirgi vaqtda 4 ta davlat: Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi (TDHK) a’zolari sanaladi. Tashkilot tarkibi turkiy tilli davlatlarning rahbarlari Kengashi, Tashqi ishlar vazirlari kengashi, Katta mansabdor shaxslari qo‘mitasi, Oqsoqollari kengashi va Kotibiyatdan tashkil topgan. Kotibiyat Istanbul shahrida (Turkiya Respublikasi) joylashgan.
Tashkilot 2009 yil 3 oktyabrda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan Bitimiga muvofiq tashkil etilgan.
Senatorlar keyingi paytda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo davlatlar, eng avvalo, mintaqadagi qo‘shni mamlakatlar bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik chuqurlashib borayotganligini qayd etdilar. Bu Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasida O‘zbekistonning ko‘ptomonlama hamkorligini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Shundan so‘ng senatorlar “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining Qo‘shma qarorini tasdiqlash haqidagi masalani ko‘rib chiqdilar.
So‘zga chiqqanlar bu masala butun jamiyat uchun muhimligi tufayli uning Senat yalpi majlisida muhokama etilishi alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
So‘nggi yillarda xalqimizning uzoq yillik qadriyatlari va an’analarini o‘zida aks ettirgan to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazishda shuhratparastlik, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, boshqalarning ijtimoiy ahvolini inobatga olmaslik, isrofgarchilik, xalqimizning urf-odatlari va an’analarini mensimaslik kabi illatlar ko‘zga tashlanmoqda.
Bunday holatlarga barham berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qaroriga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarida, shuningdek fuqarolar yig‘inlarida oilaviy tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiyalar tuzildi, ko‘plab tushuntirish va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Senatorlar keng jamoatchilikning fikr-mulohazalari va xohish-istaklaridan kelib chiqib, bunday holatlarga barham berish, aholi, ayniqsa, yoshlarda bu masalaning mohiyati va ahamiyati haqida to‘g‘ri tushuncha hosil qilish maqsadida qat’iy choralar ko‘rish muhim ekanligini ta’kidladi. Muhokama yakunlari bo‘yicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.