Qirollarsiz taxt uchun kurash: “El klassiko” nimalarni va’da qilmoqda?

Sport

image

Ispaniya La ligasining 10-turida “Barselona” o‘z maydonida “Real Madrid”ni qabul qiladi. O‘yin bugun, 24 oktyabr kuni “Kamp Nou” stadionida Toshkent vaqti bilan soat 19:15 da boshlanadi.

Bu so‘nggi 15 yillikdagi Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi nomi tilga olinmaydigan ilk “El klasiko” bo‘ladi.

Jamoalarning so‘nggi o‘yinlardagi natijalari

Ispaniya chempionatida “qaymoqranglilar”ning ajoyib g‘alabali seriyasi “Vilyarreal” (0:0) va “Espanol”ga (1:2) qarshi o‘yinlarda o‘z yakuniga yetdi. Ammo UEFA Chempionlar ligasida Donetskning “Shaxtyor” klubi ustidan qozonilgan yirik hisobdagi g‘alaba (5:0) “Real Madrid” futbolchilarining o‘ziga bo‘lgan ishonchini qaytarishi aniq.

La liganing so‘nggi uchrashuvida “ko‘k-anorranglilar” “Valensiya”ni 3:1 hisobida mag‘lub etib, uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Biroq, jamoa bundan avval “Atletiko”dan zarba qabul qilib olgan edi (0:2). YeCHLda esa Kiyevning “Dinamo” jamoasi ustidan qozonilgan g‘alaba (1:0) “Bavariya” va “Benfika”dan uchralgan yirik hisobdagi mag‘lubiyatlardan so‘ng, “Barsa” uchun guruhdan chiqish imkoniyatini oshirdi.

Futbolchilar atrofidagi yangiliklar

Bugungi o‘yinda Garet Beyl, Isko Alarkon va Luka Yovich “Qirollik klubi”ga yordam bera olmaydi, lekin jamoa oldida ulardan ko‘ra jiddiyroq xavf mavjud. “Shaxtyor” bilan o‘yinda oyog‘iga zarba qabul qilib olgan Karim Benzema uchrashuvni o‘tkazib yuborishi mumkin.(!) Ma’lum qilinishicha, jarohat u qadar jiddiy emas. Bosh murabbiy Karlo Anchelotti uning holati haqida o‘yin arafasidagina ma’lumot beradi.

Kataloniyaliklar Ronald Arauxo, Martin Breytueyt va Usmon Dembele xizmatidan foydalana olmaydi. Shuningdek, asosiy futbolchi Pedri uchrashuv qaydnomasiga kiritilmagan. Jordi Alba jarohatidan tuzalib, allaqachon “Valensiya” va “Dinamo Kiyev”ga qarshi o‘yinlarda ishtirok etishga ulgurdi.

Tahlil

“Yangi El klassiko” tomoshabop va qiziqarli o‘tishga va’da bermoqda, garchi “ko‘k-anorranglilar” avvalgidek qudratli bo‘lmasa-da. Masalan, “Real Madrid” bugungi o‘yinda favorit va 17 ochko bilan turnir jadvalida uchinchi o‘rinni egallab turibdi. Bundan tashqari, “qaymoqranglilar” hujum chizig‘ida Benzema-Vinisius juftligi raqiblarni “ko‘rdim demaydi”. Ikki futbolchi joriy mavsum La ligada jami 14 ta gol urib, 9 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Shuning hisobiga madridliklar chempionatda raqib darvozasiga barcha jamoalardan ko‘ra ko‘proq to‘p kiritdi. Qo‘shimchasiga, so‘nggi uchta “klassiko”da “Real” g‘alaba qozongan.

Anchelotti boshchiligida “Qirollik klubi” aksariyat uchrashuvlarda raqib darvozasini ishg‘ol etmoqda. Biroq Rafael Varan va Serxio Ramos ketganidan so‘ng, himoyani jamoaning eng zaif nuqtasi, deb atash mumkin. 

“Barselona” esa juda beqaror va muammolar juda ko‘p. “Real”ning himoyadagi xatolari hamda Ronald Kuman jamoasining Fati va Depaydan iborat hujum chizig‘i o‘yin gollarga boy bo‘lishidan darak beradi. Mezbonlarni durang natija ham qoniqtiradi. Kuman o‘yin natijasidan qat’i nazar murabbiylikda qolishi unga bo‘lgan bosimlarni kamaytirishi, shubhasiz. 

Barselona vs Real Madrid | El Класико: Ansu Fati vs Vinisius: эксперты  говорят - Nachedeu

Tahminiy tarkiblar

“Barselona”: Ter Shtegen, Alba, Garsiya, Pike, Roberto, De Yong, Buskets, Gavi, Fati, Depay, Dest.

“Real Madrid”: Kurtua, Mendi, Alaba, Militao, Karvaxal, Kroos, Kazemiro, Modrich, Vinisius Junior, Azar, Benzema.

Murabbiylar fikri

Karlo Anchelotti – “Real Madrid” bosh murabbiyi: “Ikkala jamoa ham o‘zgarib bormoqda, ammo bizni ajoyib o‘yin kutib turibdi. Biz jismoniy jihatdan yaxshilanyapmiz. Ansu Fati yoki Vinisius kabi futbolchilar qanday cho‘qqilarni zabt eta olishini hali bilmaymiz. Bir narsa aniqki, “klassiko” har doim kurashlarga boy bo‘ladi. Menda ham Krishtianu va Messi maydonda bo‘lgan paytlardagidek tuyg‘ular bor. Bu o‘ziga xos o‘yin. Hozir jamoalarda boshqa futbolchilar bor, menimcha, “Barselona”ning yosh futbolchilari zo‘r”.

Ronald Kuman – “Barselona” bosh murabbiyi: “Biz oxirgi ikkita uchrashuvda g‘alaba qozondik va katta o‘yin uchun o‘zimizni yaxshi his qilyapmiz. Biz bu o‘yinga yetib kelganimizdan juda xursandmiz. Umid qilamanki, stadionda yaxshi muhit bo‘ladi, shuning uchun, hech narsadan qo‘rqmayman. Kim qanday holatda bo‘lishidan qat’i nazar, bugungi bahsda favorit yo‘q”.

Xulosa o‘rnida

Shu paytga qadar ikki jamoa La liga doirasida 175 marta o‘zaro to‘qnash kelgan. 75 o‘yinda “Real”, 72 bahsda “Barselona” zafar quchgan. Yuqorida aytilganidek, statistika ham o‘yinda yaqqol favorit yo‘q ekanini ko‘rsatib turibdi.  Ashaddiy raqiblar o‘rtasidagi o‘yinlarda statistika “bir pul”. Yoqimli tomosha!
 


Maqola muallifi

Teglar

Futbol Messi Ronaldu La liga Kuman Anchelotti Benzema El clasico El' klasiko

Baholaganlar

93

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing