Qirol Charlz III ni Germaniyada qanday kutib olishdi? (fotogalereya)
Olam
−
30 mart 2023 8935 2 daqiqa
Buyuk Britaniya Qiroli Charlz III taxtga o‘tirganidan so‘ng rafiqasi qirolicha Kamilla bilan Berlinga birinchi xorijiy tashrif bilan keldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Berlinga kelganidan keyin Charlz III va uning rafiqasini Brandenburg darvozasida Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer va uning rafiqasi Elke Byudenbender kutib olgan. Mamlakat Qurolli kuchlari orkestri ikki davlat madhiyalarini ijro etgan, shundan so‘ng marosim ishtirokchilari faxriy qorovul safi bo‘ylab yurishgan.

“Xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p yillik do‘stlikni yanada chuqurlashtirishda davom etayotganimiz katta baxt”, deyiladi Britaniya monarxi va uning rafiqasining qo‘shma bayonotida.

O‘z navbatida, Shtaynmayer Yevropa va Germaniya Brexit'dan keyin ham Buyuk Britaniya bilan yaqin va do‘stona munosabatda bo‘lishni xohlashini aytgan.
Marosimdan so‘ng Charlz III va Kamilla Germaniya Prezidentining Belvyu saroyidagi qarorgohiga ziyofatga borishgan.

Ushbu ziyofatda Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel va Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Jeyms Kleverli ham ishtirok etgan.
Germaniyaga uch kunlik tashrifi davomida Charlz III Berlindan tashqari Gamburg va Brandenburg shaharlariga ham tashrif buyurishni rejalashtirgan.

Ma’lumot uchun, dastlab Britaniya monarxi Parijga birinchi davlat tashrifini amalga oshirishi kerak edi, biroq Fransiyada pensiya islohotiga qarshi norozilik namoyishlari tufayli u qoldirildi. Charlz III qirollik oilasi a’zosi sifatida u avval Germaniyaga 40 marta tashrif buyurgan.







Live
Barchasi