Qirg‘izistonning O‘zbekiston bilan chegarasida sakkiz nafar harbiy qo‘lga olindi
Olam
−
19 dekabr 2023
43952Qirg‘izistonning O‘zbekiston bilan chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktida sakkiz nafar chegarachi qo‘lga olindi. Bu haqda "Kaktus" nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, 17 dekabrdan 18 dekabrga o‘tar kechasi “Baymak-Avtodorojniy” nazorat-o‘tkazish punktida ish vaqtidan tashqari kontrabanda yuklarini o‘tkazayotgan chegarachilar ushlangan. Aniqlanishicha, harbiy xizmatchilar ushbu punktdan yuklarni muntazam ravishda o‘tkazgan.
“Chegarada xizmat qilayotgan harbiylar mukofot ilinjida tovarlar kontrabandasida faol qatnashgan. Oqibatda kontrabandaning barqaror kanali tashkil etilgan. Hattoki ular o‘zining jinoiy harakatini yashirish uchun nazorat-o‘tkazish punktidagi video-kameralarni ob’ektning butun hududida elektr ta’minotini uzish orqali o‘chirib qo‘ygan”, deyilgan xabarda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tezkor tadbirda "Baymak-Avtodorojniy” nazorat-o‘tkazish punktining sakkiz harbiy xizmatchisi va kontrabanda bilan shug‘ullangan besh nafar fuqaroni qo‘lga olgan. Ayni paytda esa ularga nisbatan tergov harakatlari olib borilayotgani qo‘shimcha qilingan.