Qirg‘izistonning 4 pansionati O‘zbekistonga berildi

Jamiyat

image

Qirg‘iziston hududida joylashgan Issiqko‘ldagi 4 ta pansionatni rasmiy Toshkentga berish haqidagi xalqaro shartnoma O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlandi. Bu haqdagi tegishli hujjatlar rasmiy portallarda e’lon qilindi. 

Hujjat ko‘l qirg‘og‘ida joylashgan rekreatsiya zonalariga egalik huquqini tartibga solish, shuningdek, ularning keyingi faoliyatini ta’minlash uchun mo‘ljallangan.

Ro‘yxatga “Markaziy Osiyoning oltin qumlari” (sobiq “Bosteri”), “Rohat-NBU” (sobiq “Rohat”), “Dilorom” (sobiq “Enesay”), shuningdek, qurilishi tugallanmagan “Bo‘ston” pansionatlari kiritilgan.

Qirg‘iziston ushbu ob’ektlarga egalik huquqini O‘zbekistonga o‘tkazadi. O‘zbekiston esa ushbu ob’ektlarga bo‘lgan mulk huquqini amalga oshirish uchun vakolatli tashkilotlarni belgilaydi.

“Toshkent mexanika zavodi” aksiyadorlik jamiyatiga “Markaziy Osiyoning oltin qumlari” pansionati, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga “Rohat-NBU” uyi, “Asakabank”ga “Dilorom” pansionati, “O‘zsanoatqurilishbank”ga “Bo‘ston” pansionatiga nisbatan vakolat beriladi.

Ma’lumot uchun, ushbu bitim 2024 yilning 18 iyul kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida imzolangan. Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi ushbu kelishuvni 23 sentyabrda tasdiqlagan.

Mulk huquqi rasmiylashtirilgandan so‘ng, banklar va zavod xalqaro standartlar bo‘yicha kamida uch yulduzli mehmonxona komplekslarini yaratish uchun ob’ektlarni rekonstruksiya qilishni yakunlashi kerak. Shundan so‘ng ular ob’ektlarni uchinchi shaxslarga berishlari mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, Qirg‘iziston tomoni boshqa shaxslarga nisbatan ob’ektlarni ularning bozor qiymatida sotib olishda imtiyozli huquqqa ega.

Bundan tashqari, pansionat xodimlarining kamida 80 foizi Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lishi, Qirg‘iziston fuqarolarining plyaj zonalariga to‘sqinliksiz kirishini ta’minlashi, shuningdek, ob’ektlarga biriktirilgan yer uchastkalaridan foydalanganlik uchun soliq, soliq bo‘lmagan va boshqa to‘lovlarni, ijara to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lashi kerak. Dastlab har bir ob’ekt uchun investitsiyalarning taxminiy miqdori 15−20 million dollarni tashkil etadi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Qirg'iziston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made