Qirg‘izistondagi mitinglar ortidan Japarov shoshilinch yig‘ilish o‘tkazdi
Olam
−
02 dekabr 2023
16657Bugun, 2 dekabr kuni Qirg‘iziston Prezidenti Administratsiyasida Vazirlar Mahkamasi rahbari Oqilbek Japarov raisligida mas’ul davlat organlarining savdo tuzilmalari, yirik bozorlar vakillari va mulkdorlar, kasaba uyushma tashkilotlari hamda savdo xodimlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati xabar berdi.
Oqilbek Japarovning aytishicha, axborot berishdagi kamchiliklar sababli jamiyatda soliq rejimidagi o‘zgarishlar haqida noto‘g‘ri tushuncha shakllangan.
“Eng muhimi, biz tushunishimiz kerak: kichik chakana savdogarlarimizning aksariyati uchun mamlakat rahbariyatining qarori bilan nafaqat patentlar bekor qilindi, balki ularga bir qator imtiyozlar ham berildi. Kichik oziq-ovqat do‘konlarida ishlayotgan, bozorlarda mayda savdo bilan shug‘ullanayotgan, aylanmasi 8 million somdan kam bo‘lgan oddiy oilalar har qanday soliq to‘lashdan to‘liq ozod etildi”, degan u yig‘ilishda.
Vazirlar Mahkamasi raisining so‘zlariga ko‘ra, ayrim kuchlar ma’lumot yetishmasligidan foydalanib, savdogarlarni “silkitishga” harakat qilmoqda. Uning fikricha, xalqning mutlaq ko‘pchiligi davlatni mustahkamlash va tartib o‘rnatish siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi.
“Bozor iqtisodiyoti va kapitalni dastlabki jamg‘arish davri o‘tmoqda. Davlat endi xalq uchun ishlaydi, boylar va “bir hovuch odamlar” manfaatlariga xizmat qilmaydi. Hukumat barcha davlat daromadlari kimningdir shaxsiy cho‘ntagiga emas, balki yangi infratuzilmani barpo etish va fuqarolarning hayotini yaxshilashga yo‘naltirilishini yaxshi biladigan xalqning kuchli ishonchiga ega. Biz qashshoqlikka qarshi kurashamiz va odamlarni kambag‘allikdan olib chiqamiz. "Boylar boyib, kambag‘allar qashshoqlashadi" degan gap bo‘lishi mumkin emas. Biz o‘z oilasini boqish uchun ishlaydigan barcha halol odamlarni himoya qilamiz va yordam beramiz”, deydi Oqilbek Japarov.
Shuningdek, u savdogarlarni keraksiz yukdan ozod qilish uchun ikki hafta ichida elektron hisob-faktura va tovar transporti fakturalarini qayta ishlashni imkon qadar soddalashtirish bo‘yicha topshiriq bergan. Bundan tashqari, Oqilbek Japarov nazorat-kassa mashinalarini joriy etish yuzasidan soliq tuzilmalari bilan integratsiya qilinadigan tijorat hisobvaraqlarini ochishni tezlashtirishni buyurgan.
Shu bilan birga, u navbatdagi yig‘ilishda kapital amnistiya to‘g‘risidagi qonunni respublikaning barcha aholisiga tatbiq etish to‘g‘risida qaror qabul qilishlarini aytgan.
Ma’lumot uchun, 2024 yil 1 yanvardan Qirg‘izistonda savdo faoliyati uchun patent bekor qilinadi. “Dordoy” va “Qorasuv” bozorlari alohida soliq rejimiga o‘tmoqda. Unda mazkur bozorlarda nazorat-kassa mashinalari qo‘llanilmasligi, soliq miqdori tovar aylanmasiga bog‘liq bo‘lishi belgilab qo‘yilgan. Bunday holda, savdo faqat bozor ichida mumkin bo‘ladi.
Mahalliy bozor savdogarlari esa soliq to‘lovlarini o‘zgartirishga qarshi. Ular rasmiylardan patent bo‘yicha ishlashni davom ettirishga ruxsat berishlarini so‘ramoqda.
Eslatib o‘tamiz, 30 noyabr kuni mamlakat poytaxtidagi “Dordoy” bozori va O‘sh viloyatidagi “Qorasuv” bozorida miting bo‘lib o‘tgandi. Kecha, 1 dekabrda Bishkekdagi “Olamedin” bozorida ishlayotgan tadbirkorlar, shuningdek, “Orto-Say” va “Madina” bozorlari ishchilari miting o‘tkazdi. Bozorlarda nazorat-kassa mashinalaridan majburiy foydalanishga qarshi mitinglar nafaqat Bishkekda, balki O‘sh, Talas va Qorako‘l shaharlarida ham bo‘lib o‘tdi.
LiveBarchasi