Qirg‘izistonda yangi tayinlangan FVV rahbari ishdan olindi
Olam
−
14:55 5375 2 daqiqa
Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vaziri Urmatbek Shamirkanov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Prezident matbuot kotibi yangi vazir nima uchun tayinlanganiga hali bir oy ham bo‘lmay turib ishdan olinganiga izoh berar ekan, bunga uning avvalroq vazir o‘rinbosari lavozimida ishlab yurgan kezlarida pora olganlikda gumon qilinayotgani sabab bo‘lganini aytgan.
“Ma’lum qilinishicha, 2025 yilning yozida u ushbu vazirlik bo‘linmalaridan birining xodimini yuqoriroq lavozimga ko‘tarish evaziga pora talab qilgan. Xodimning so‘zlariga ko‘ra, u kelishilgan summaning yarmini o‘sha paytdagi FVV rahbari o‘rinbosari U. Shamirkanovning elektron hamyoniga o‘tkazib bergan.
Shamirkanov vazir etib tayinlangach, xodim summaning qolgan yarmini bera olmasligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, shundan so‘ng vazir uni Botken viloyatidagi bo‘linmaga ishga o‘tkazib yuborgan.
Botkenga o‘tkazilgan xodim Prezident Sadir Japarovga ariza bilan murojaat qildi. Davlat rahbari Bosh prokuraturaga arizada keltirilgan ayblovlarni tekshirishni topshirdi. Nazorat organi murojaatdagi faktlar tasdiqlanganini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan Sadir Japarov Favqulodda vaziyatlar vaziri Urmatbek Shamirkanovni lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qildi”, dedi Askat Alagozov.
U ushbu holat “Qing‘ir ishning qiyig‘i 40 yilda ham chiqadi” degan maqolga yaqqol misol ekanini qo‘shimcha qilgan.
“Biroq bugun biz bunday noqonuniy xatti-harakatlar 40 yilda emas, balki atigi 40 kunda fosh bo‘ladigan zamonda yashayapmiz. Shuning uchun bu boshqa davlat xizmatchilari uchun jiddiy saboq bo‘lishi kerak. Agar kimdir shu kabi noqonuniy ishlarni sodir etgani ma’lum bo‘lsa, mamlakat rahbariyati bunga ko‘z yummaydi. Inson yaqindagina vazir etib tayinlangani yoki yuqori lavozimni egallagani, uning ishdan bo‘shatilishi hokimiyat obro‘siga putur yetkazishi mumkin degan bahonalar bilan oqlanmaydi. Xuddi bugungidek qat’iy choralar ko‘riladi”, deya xulosa qilgan Prezident matbuot kotibi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida Qirg‘izistonda keng ko‘lamli kadrlar almashinuvi doirasida Favqulodda vaziyatlar vaziri Boobek Ajikeyev egallab turgan lavozimidan ozod etilib, uning o‘rniga aynan Urmatbek Shamirkanov tayinlangan edi.
Live
Barchasi