Qirg‘izistonda Tashiyev ortidan uchta vazir ham ishdan olindi
Olam
−
16 fevral 6142 2 daqiqa
Bugun, 16 fevral kuni Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida qator kadrlar o‘zgarishi amalga oshirildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Transport va kommunikatsiya vaziri Absattar Sirg‘aboyev, Tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vaziri Meder Mashiyev hamda Favqulodda vaziyatlar vaziri Boobek Ajikeyev egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Shu bilan birga, bo‘shagan lavozimlarga vaqtinchalik rahbarlar tayinlangan. Jumladan, Transport va kommunikatsiya vaziri vazifasini vaqtincha bajarish Talantbek Soltobayev zimmasiga yuklatilgan. Tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vaziri vazifasini bajaruvchi etib Aqil Toktobayev tayinlangan. Favqulodda vaziyatlar vaziri vazifasini esa vaqtincha Urmatbek Shamirkanov bajarishi belgilangan.
Qayd etilishicha, mazkur nomzodlar Qirg‘iziston parlamenti – Jogorku Kenesh ko‘rib chiqishi va tasdiqlashi uchun taqdim etilgan. Amaldagi tartibga muvofiq, parlament tomonidan tasdiqlanganidan so‘ng ular tegishli ravishda vazir lavozimiga rasman tayinlanadi.
Hozircha ushbu qarorlar qaysi sabablarga ko‘ra qabul qilingani rasman ochiqlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Japarov Bosh prokuraturani ham “tozalashni” boshlagani haqida xabar berilgandi.
Tashiyev iste’fosi
Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi.
Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi.
2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchisi etib tayinlandi.
Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.
Live
BarchasiShayxontohur tumanida xonadon yonmoqda
16 fevral