Qirg‘izistonda paket va plastmassa buyumlar ishlab chiqarish va sotish taqiqlanyapti
Olam
−
11 avgust 2023
3136Qirg‘izistonda 2027 yildan boshlab polimer paketlar va plastmassa buyumlar ishlab chiqarish, sotish va bepul tarqatish taqiqlanadi. Tegishli qonun mamlakat Prezidenti Sadir Japarov tomonidan imzolandi.
Qonunga ko‘ra, 2027 yilning 1 yanvaridan boshlab butun respublika bo‘ylab polimer paketlar va plastmassa buyumlar ishlab chiqarish, polietilen plyonkalar va plastmassa buyumlarni sotish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida ularni bepul tarqatishga taqiq joriy etiladi. Biroq eksport uchun ishlab chiqarilgan paketlar, biologik parchalanadigan polimer materiallardan tayyorlangan tutqichlari bo‘lmagan va maishiy ehtiyojlar uchun sotiladigan paketlar bundan mustasno.
Qabul qilingan qonun e’lon qilingan kundan boshlab 15 kun ichida Issiqko‘l viloyatining dam olish maskanlarida polimer paketlar va barcha turdagi plastmassa buyumlar aylanishi taqiqlanadi.
Shuningdek, Qirg‘izistonning alohida muhofaza etiladigan tabiiy ob’ektlarida polimer paketlarini olib kirishi cheklanadi. Shaxsiy foydalanish, tovarlar va shaxsiy buyumlarni qadoqlash uchun paketlar bundan mustasno.
Shuningdek, Qirg‘izistonning alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarida 2024 yilning 1 yanvaridan boshlab plastik mahsulotlar va polietilen plyonkali paketlar ishlab chiqarish taqiqlanishi qo‘shimcha qilingan.
"Qonun polimer materiallarning salomatlik va atrof-muhitga zararli ta’sirini kamaytirishga qaratilgan", deyiladi prezident saytida.
Plastik paketlar va buyumlarni ishlab chiqarish taqiqini buzgan fuqarolar 10 ming qirg‘iz somi (taxminan 114 dollar), yuridik shaxslar esa 28 ming som (315 dollardan ortiq) miqdorida jarimaga tortiladi.
Paketlarni tekin berish holatlarida esa birinchi qoidabuzarlik uchun ogohlantirish, ikkinchi qoidabuzarlik uchun jarima solinadi. Bunda yuridik shaxslar uchun 5000 som (57 dollar), jismoniy shaxslar uchun 1000 som (11 dollar) to‘lanishi kerak bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov barcha dam oluvchilar uchun Issiqko‘l plyajlariga cheklovsiz va bepul kirishga oid farmon imzolagandi.
LiveBarchasi